Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonun maʼqullandi

    Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni oʻn gektargacha boʻlgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kiritilmoqda.

    Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.

    Taʼkidlangandek, keyingi yillarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hajmlarini oshirish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarini kengaytirish, pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratilishining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan foydalanish shartlarini qayta koʻrib chiqish zaruriyati mavjuddir.

    Ushbu hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari oʻn yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligini, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bogʻlar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut koʻchatlari oʻtqazilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni oʻn gektargacha boʻlgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kiritilmoqda.

    Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga doir vakolatlari belgilanmoqda.

    Senatorlar fikricha, ushbu qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yanada rivojlantirish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek yer uchastkalaridan va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.