Qonunchilik palatasi deputatlari “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilib, senatga yubordi.
Qonun loyihasi bilan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarni sugʻurta qoidalariga asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda
- tabiiy ofatlar,
- yongʻin,
- oʻsimliklarning kasalliklar va zararkunandalardan talofat koʻrishi,
- chorva hayvonlarining yuqumli kasalliklardan nobud boʻlishi va zaharlanishi hamda
- yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki
- qishloq xoʻjaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi boʻyicha sugʻurta shartnomalarini tuzish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xoʻjaligi sohasida tavakkalchiliklarini sugʻurtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari aks etmoqda.
Loyihada qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasini tashkil etish, jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari, sugʻurtalanishi lozim boʻlgan tavakkalchiliklar, sugʻurta mukofotlari boʻyicha subsidiyalar berishning huquqiy asoslari ham belgilanmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda sugʻurtalash tizimi joriy etiladi va mahsulot yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga qishloq xoʻjaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli zarar yetgan hollarda zararning oʻrnini qoplashning huquqiy asosi yaratiladi.