Xususan, qoramolchilik boʻyicha 108 ta loyihada 60 ming 269 bosh chorva mollari boqish rejalashtirilgan boʻlib, hozirgacha amalga oshirilgan 18 ta loyihada 3 ming 775 bosh qoramol boqilyapti. Qoʻychilikdagi 47 ta loyihada 53 ming 977 bosh qoʻychilik tashkil etish koʻzda tutilib, bugungi kunga qadar 2 ta loyihada 2 ming 375 bosh qoʻylar olib kelindi.
Baliqchilik tarmogʻi uchun moʻljallangan 5 ta tumandagi 21 ta loyiha asosida 24 gektar maydonda sunʼiy suv havzasi, 14 gektar maydon intensiv va 1 gektar maydonda UZV usulida hovuz tashkil etish hisobiga qoʻshimcha 3 521 tonna baliq yetishtirish moʻljallangan edi. Shu kunga qadar 2 gektar sunʼiy va 1 gektar maydonda intensiv suv havzalarida baliqchilik tashkil etildi va buning uchun 2,4 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Asalarichilik boʻyicha 4 ta tumanda amalga oshirish uchun moʻljallangan 4 ta loyihada 275 ta qutida asalari oilalari tashkil etildi.
Hozir viloyatda jami 97 ta yirik parrandachilik xoʻjaliklarida jami 17 million 220 ming bosh parranda mavjud boʻlib, yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga parrandalar soni 102 foizga, tuxum ishlab chiqarish hajmini 103,2 foizga oshirish rejalashtirilgan. 2020-yil hududda 54,8 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarilib, joriy yil yakuniga qadar ushbu koʻrsatkichni 63 ming tonnaga chiqarish moʻljallangan, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.