Hujjat bilan “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilyapti. Uning direktoriga qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi va direktor Prezident Administratsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari:
- qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat, shu jumladan oʻsimliklar karantini va himoyasi, veterinariya, chorvachilik va naslchilik-seleksiya, pillachilik, yaylovlardan foydalanish sohalarini isloh qilish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish;
- xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan tavsiyalarni umumlashtirish hamda maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash;.
- sohada sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha takliflarni shakllantirish;
- sohaga ajratilayotgan subsidiya mablagʻlari samaradorligining tahlili asosida ularning natijadorligini oshirish;
- sohada resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish va intensiv usulda mahsulot yetishtirish;
- qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, ularni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish, qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- sohada islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda bozor tamoyillarini joriy etish;
- sohani raqamlashtirish, va kadrlarni tayyorlash boʻyicha takliflarni tayyorlash.
Loyiha ofisi har oyda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 21-iyundan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma” portali.