Qishloq xoʻjaligi vaziri AQShning Oʻzbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 11 Yanvar 2023 1463

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida vazir Aziz Voitov AQShning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dj. Xenik bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda qishloq xoʻjaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati muhokama etildi hamda istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.

    Muzokaralar mobaynida ikki tomonlama manfaatli boʻlgan bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan:

    Hozirda Oʻzbekistondan AQShga qovun eksporti uchun fitosanitar ruxsatnomani olish jarayoni boshlangani va mazkur jarayonni tezlashtirish boʻyicha elchi tomonidan amaliy yordam koʻrsatilishi taʼkidlandi;

    AQShning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun xalqaro fitosanitariya sertifikatsiya tizimini oʻrganish maqsadida, oʻzbekistonlik mutaxassislarni joriy yil 2-yarmidan AQSHga oʻquv safariga joʻnatishga kelishib olindi;

    Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida agrar taʼlim sohasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi alohida taʼkidlanib, Toshkent davlat agrar universiteti va Missisipi universiteti oʻrtasida qoʻshma magistratura dasturini joriy etilishi eʼtirof etildi hamda uning davomli boʻlishi qoʻllab-quvvatlandi;

    Joriy yil mart oyida mamlakatimizga Texas qishloq xoʻjaligi komissari S. Miller boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi rejalashtirilgan. S.Millerning 28-30-mart kunlari respublikamizda oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazmada ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha kelishuvga erishildi;

    Mamlakatimizda qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash, sohani raqamlashtirish boʻyicha amerikalik mutaxassislarni jalb etish masalasi ham muzokaralarda oʻz yechimini topdi;

    “USAID” tashkilotining “Agrobiznes” dasturi doirasida

    bogʻdorchilik, sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni jadallashtirish boʻyicha ham samarali kelishuvga erishildi.

    Manfaatli kelishuvlarga boy boʻlgan uchrashuv yakunida fevral oyida Oʻzbekiston va AQSH davlatining qishloq xoʻjaligi vazirlarining oʻzaro muzokaralarini onlayn-shaklda oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.