Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev boshchiligidagi Respublika Ishchi guruhi dastlab Buloqboshi tumanida gidroponika usulida yetishitirilayotgan issiqxonalardagi holatni oʻrgandi.

Tumandagi “Nektar agro” MCHJ da 2,5 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona tashkil etilgan boʻlib, 200 tonna pomidor, 100 tonna bodring yetishtirilishi kutilmoqda. “Nektar agro” MCHJ rahbari Abduhakim Toʻlanovning bildirishicha, 42 ming tonna pomidor koʻchatlari ham yetishtirilgan. Mahsulotning qariyb 75 foizi qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda.

Viloyatda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan Asaka, Buloqboshi, Jalaquduq, Xoʻjaobod, Andijon tumanlarida 148 gektar maydonda issiqxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilda viloyat issiqxonalarida qariyb 13 ming tonna mahsulot yetishtirilib, qariyb 70 foizi Rossiya, Belgiya, Qozogʻiston, Belarus, Qirgʻiziston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yilda yetishtirilayotgan 71 608 tonna mahsulot eksportga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Viloyatdagi 16 ta meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlarga 34 ming gektardan ortiq maydon biriktirilib, qariyb 1800 kishi ish bilan taʼmingan, 1404 ta fermer xoʻjaliklari biriktirilgan.