Qishloq xoʻjaligi vazirligi goʻsht narxining oshishiga sabab boʻlgan omillarni maʼlum qildi

    Oʻzbekiston dunyoning goʻsht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirgʻizistondan keyingi ikkinchi oʻrinni egallaydi.

    Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda goʻsht narxining oshishi global miqyosda kuzatilmoqda. BMTning Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotiga koʻra, buning bir necha omillari mavjud:

    • Birinchidan, dunyoda goʻsht ishlab chiqarish hajmi sekinlashmoqda;
    • Ikkinchidan, yirik import qiluvchi davlatlarda talab yuqori;
    • Bundan tashqari, ozuqa xomashyosi va transport xarajatlarining ortishi ham narxlarga taʼsir koʻrsatmoqda.

    Masalan, Rossiyada tovuq goʻshti narxi joriy yilning boshidan buyon 9,7 foizga, Qozogʻistonda esa 4,7 foizga oshgan. Umuman olganda, Oʻzbekistonda goʻsht narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanmoqda va global bozor tebranishlariga nisbatan barqarorlikni namoyon qilmoqda.

    Mutaxassislarning fikricha, ayni paytda Oʻzbekistondagi bozorlarning arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qoʻy goʻshti oʻrtacha 65-75 ming, savdo rastalarida 90-95 ming, savdo markazlarida esa 95-100 ming soʻmdan sotilmoqda.

    Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalarda 65-75 ming soʻmlik goʻshtni xaridorlarning 15-18 foizini, 90-95 ming soʻmlik roʻzgʻorbop goʻsht esa 82-85 foizini, 110-130 ming soʻmlik suyaksiz (lahm) goʻsht esa atigi 1-2 foizini tashkil etadi.

    Yana bir jihat, poytaxt bozorlarida goʻshtni aholining xarid qobiliyatiga mos ravishda qismlarga boʻlib sotish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, goʻshti ajratilgan suyak (ragu) 25-30 ming soʻm, qovurga 85-95 ming soʻm, suyaksiz goʻsht (lahm) esa 110-130 ming soʻm atrofida.

    Rossiyada 1 kg mol goʻshti 10-12, Belarusda 6-8, Qozogʻistonda 7-11, Tojikistonda 8-10, Gruziyada 9,5-12, Ozarbayjonda 9,5-12,5, Turkiyada 12-14 dollar, shuningdek, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar Shvetsiyada 46,2, Islandiyada 38,86, Janubiy Koreyada esa 28 dollar atrofida sotilmoqda.

    “Bundan koʻtinib turibdiki, Oʻzbekiston dunyoning goʻsht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirgʻizistondan keyingi ikkinchi oʻrinni egallaydi”, deyiladi vazirlik xabarida.

    Goʻsht ishlab chiqarishga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi omillarni ham tahlil qilinadigan boʻlsa, 2025-yilning birinchi choragida goʻsht ishlab chiqarish bilan bogʻliq xarajatlar – jumladan, yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilgʻi-moylash materiallarining narxlari keskin oshgan.

    Shuningdek, chorvachilikda goʻsht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga boʻlgan talabning yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarini ozuqa bilan taʼminlanish darajasining 35-40 foizini tashkil etmoqda.

    2024-yilning oktyabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming soʻmdan 7 ming soʻmga, sheluxa 2800 soʻmdan 4 ming soʻmga, omuxta yem 2900 soʻmdan 3700 soʻmga, bugʻdoy 2200 ming soʻmdan 3500 ming soʻmga, makkajoʻxori silosi 500 soʻmdan 900-1000 soʻmga, somon 15 ming soʻmdan 25 ming soʻmga, beda esa 25 ming soʻmdan 45 ming soʻmga oshgan.

    2024-yilda umumiy 2 million 900 ming tonna tirik vaznda (1 million 700 ming tonna soʻyilgan vaznda) goʻsht ishlab chiqarilgan. 93 ming tonna goʻsht import qilingan. Ishlab chiqarilgan goʻshtga nisbatan import salmogʻi 5,4 foizni tashkil qilgan.

    Import qilingan goʻshtning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga yoʻnaltirilgan boʻlsa, qolgan qismi Toshkent shahrining dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan rastalarda sotilgan.

    Soʻnggi besh yilda chorvachilik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida chorvachilik korxonalarida mol soni ikki barobar, ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlari hajmi esa uch barobar oshgan.

    Naslchilik korxonalari soni 400 tadan 1900 taga yetkazilgan boʻlsa, zoti yaxshilangan qoramollar ulushi 30-35 foizdan 70-75 foizga koʻtarilgan.