Qishloq xoʻjaligi vazirligi Tojikistonning Soʻgʻd viloyati delegatsiyasini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 25 Iyun 2021 1733

    Bugun Soʻgʻd viloyati raisi Radjabboy Axmadzoda boshchiligidagi Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi.

    Delegatsiya vakillari qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev va Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov bilan uchrashishdi.

    Tojikiston delegatsiyasi tarkibiga Tojikistonning Xoʻjand, Guliston, Spitamen va Zafarobod tumanlari rahbarlari, shuningdek, yirik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalari va kompaniyalari boshliqlari kirgan. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kuchaytirish, mehmon davlat vakillarini mamlakatimizdagi bir qator agrar obyektlar bilan tanishtirish va tajriba almashishdan iborat.

    Tashrifning birinchi kunida tanishuv turi doirasida klaster tizimi, intensiv bogʻdorchilik, issiqxona xoʻjaligi, uzumchilik va vinochilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik korxonalari hamda zamonaviy oqilona sugʻorish texnologiyalarini joriy etish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tojikistonlik mehmonlar meva-sabzavotlarni qayta ishlash va quritish boʻyicha TNA Agro Invest, paxtani qayta ishlash va toʻqimachilik ishlab chiqarish boʻyicha Real Agro Cotton, vino ishlab chiqarish boʻyicha “Uzum fermer”, UzTex singari klaster korxonalarida boʻlishdi.

    Tojik delegatsiyasi Toshkent viloyatidagi AKIS qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiyalar va xizmatlar markazi, TST Rice sholichilik klasteri, toʻliq ishlab chiqarish sikliga ega Gold Dried Foods agrologistika markazi va boshqa obyektlarga tashrif buyuradi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.