Parlament yuqori palatasining o'n sakkizinchi yalpi majlisida “Qishloq xo'jaligi kooperativi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo'ldi.
Qonun bilan qishloq xo'jaligi kooperatsiyalari faoliyatining asosiy tamoyillari mustahkamlanmoqda. Qolaversa, qishloq xo'jaligi kooperativini tashkil etish mexanizmlari, xususan, kooperativni tashkil etish va uni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qishloq xo'jaligi kooperativlariga er uchastkalarini berish va ulardan foydalanish tartibi hamda qishloq xo'jaligi kooperativining ustaviga doir talablar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, kooperatsiyaning boshqaruv organlarini tashkil etish tartibi, ijro etuvchi organlari, kuzatuv kengashi va ularning vakolatlari, yig'ilishlarni chaqirish va qarorlarni qabul qilish tartibiga oid normalar nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, qishloq xo'jaligi kooperativiga a'zolikka doir masalalar ham ochib berilyapti. Xususan, o'n olti yoshga to'lgan jismoniy shaxslar, shuningdek, qishloq xo'jaligi kooperativi ustavi talablariga mos bo'lgan yuridik shaxslar qishloq xo'jaligi kooperativining a'zosi bo'lishi mumkinligi keltirilmoqda.
Shuningdek, Qishloq xo'jaligi kooperativining faoliyati ustidan nazorat qilish mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, qishloq xo'jaligi kooperativining ustavida kooperativ taftish komissiyasini tuzish, ya'ni taftishchini saylash nazarda tutilishi mumkin.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida qishloq xo'jaligida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirishning huquqiy asosi yaratiladi, kooperativlar faoliyati rivojlantiriladi, xo'jalik sub'ektlari uchun munosabatlar to'liq huquqiy tartibga solinadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.