Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan oqilona foydalanish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori (914-son, 30.12.2024 y.) bilan “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan oqilona foydalanish tartibi to'g'risida”gi nizom tasdiqlandi

    Nizom qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan (shu jumladan, yaylovlardan) oqilona foydalanish tartibini belgilaydi.

    U quyidagilarni nazarda tutadi:

    • tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, almashlab ekishni suvdan foydalanish manbalarini hisobga olgan holda tashkil etish orqali qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan oqilona foydalanish;
    • tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, suvdan foydalanish manbalarini hisobga olgan holda yaylovlar almashinishini yo'lga qo'yish orqali yaylovlardan oqilona foydalanish;
    • qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan oqilona foydalanish holatini baholash va uning natijasi bo'yicha xulosani shakllantirish.

    YAylovlardan oqilona foydalanish quyidagi tadbirlarni o'z ichiga oladi:

    • yaylovlar almashinishi va suvdan foydalanish manbalarini hisobga olgan holda yaylovlardan foydalanish;
    • yaylovlarda chorva mollarini o'tlatishda eng ko'p yo'l qo'yiladigan foydalanish normalarini belgilash, yaylovlar almashinishini ta'minlash va yuritish tartibi to'g'risida nizomga muvofiq umumiy yaylov maydoni bo'yicha aniqlangan eng ko'p yo'l qo'yiladigan foydalanish me'yorini ta'minlash;
    • yaylovlar almashinishi rejasiga muvofiq yaylovlardan foydalanish;
    • yaylovlarning qishloq xo'jaligida foydalanishdan chiqib ketishining oldini olish bo'yicha tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, erlarni begona o'tlar va butasimon daraxtlar qoplashiga hamda maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari bilan ifloslanishiga yo'l qo'ymaslik.