Gʻayrat Fozilov Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasiga tashrif buyurdi

    Agrosektor 12 May 2022 1717

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov Italiyaga tashrifi doirasida Rim shahridagi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining (IFAD) bosh qarorgohiga tashrif buyurdi.

    Jamgʻarmaning Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Yevropa davlatlari dasturlari boʻyicha mintaqaviy direktori Dina Saleh bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va IFAD oʻrtasidagi hamkorlik masalalari, dehqon va fermerlar daromadlarini oshirish, bogʻdorchilik va chorvachilikni rivojlantirish hamda ushbu sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

    Orolboʻyi mintaqasida iqlim oʻzgarishlariga moslashish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

    2023-2027-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston va Jamgʻarma oʻrtasida hozirda ishlab chiqilayotgan hamkorlik strategiyasiga kiritiladigan loyihalar portfelini yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    IFAD tomonidan Toshkent shahrida oʻz vakolatxonasini ochish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror Oʻzbekiston bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro hamkorlik qirralarini kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.