Bu tamoyilning eng muhim yoʻnalishlaridan biri xotin-qizlar qadr-qimmatini yuksaltirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy
faolligini
oshirishdir.
Bu borada mamlakatimizda mustahkam huquqiy va siyosiy asoslar
yaratildi. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka
erishish strategiyasi, shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila
va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada
jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va gender tenglikni taʼminlash masalasini
davlat siyosati darajasiga olib chiqdi. Shu asosda vazirliklar, idoralar,
hududlar, taʼlim va ishlab chiqarish tizimlarida xotin-qizlar ishtirokini
kengaytirish, ularni rahbarlikka tayyorlash, bandlik, tadbirkorlik, taʼlim va
ijtimoiy himoya masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat
hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, parlament, mahalliy kengashlar, vazirliklar,
idoralar, taʼlim, ilm-fan, tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohalaridagi
oʻrnini mustahkamlash boʻyicha ulkan ishlar qilindi. Bu jarayon yangi
Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim tamoyillaridan biriga aylandi. Chunki haqiqiy
taraqqiyot faqat infratuzilma, zavod, eksport yoki raqamli texnologiya bilan
emas, balki inson imkoniyati qanchalik ochilgani bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda,
qishloq xoʻjaligi sohasi ham ushbu umummilliy islohotlardan chetda turishi
mumkin emas edi. Aksincha, agrar soha bu yoʻnalishda eng oldingi safda boʻlishi
kerak. Chunki mamlakat aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlash, oilalar
daromadini oshirish, yer va suv resurslarini asrash, iqlim oʻzgarishiga
moslashish, bandlikni taʼminlash, qayta ishlash va eksport zanjirini
kuchaytirish kabi vazifalarda xotin-qizlar mehnati, bilimi, masʼuliyati va
hayotiy tajribasi beqiyos ahamiyatga ega.
Agrar
soha taraqqiyotini xotin-qizlar ishtirokisiz toʻliq tasavvur qilib boʻlmaydi.
Ayol faqat oila bekasi emas, u agrar sohada fermer, dehqon, agronom, veterinar,
seleksioner, biotexnolog, tadbirkor, olima, oʻqituvchi, talaba, vazirlik
xodimi, laboratoriya mutaxassisi, oziq-ovqat texnologi, qayta ishlash korxonasi
ishchisi, omborxona, logistika, savdo va eksport zanjirining masʼul
ishtirokchisi boʻlishi mumkin. Ayol oila institutidan tortib, taʼlim, ilm-fan,
ishlab chiqarish, biznes, tadbirkorlik va rahbarlikkacha boʻlgan barcha
jabhada katta oʻringa ega. U qayerda boʻlmasin, tejamkorlik, mahsulot sifati,
tartib-intizom, hisob-kitob, mehnat madaniyati va masʼuliyatni taʼminlashga
hissa qoʻshadi. Shuning uchun agrar sohada gender tenglik haqida gapirish —
butun agrooziq-ovqat tizimi xususida soʻzlash demak: dala, ferma, tomorqa,
ilmiy institut, universitet, laboratoriya, omborxona, qayta ishlash korxonasi, bozor,
eksport, vazirlik va qaror qabul qilish jarayonini yaxlit tizim sifatida
koʻrishdir.
Avvallari
gender tenglikni baʼzan notoʻgʻri tushungan holatlar ham boʻlgan. Goʻyo bu
erkak va ayolni bir-biriga qarama-qarshi qoʻyishdek tuyulardi. Aslida, uning
maʼnosi juda sodda: kim mehnat qilsa, uning mehnati koʻrinsin; kim qobiliyatli
boʻlsa, unga imkoniyat berilsin; kim bilim olishni istasa, yoʻli ochilsin; kim
fermer, agronom, veterinar, tadbirkor, olim, muhandis, texnolog yoki
rahbarlikka layoqatli boʻlsa, uning oldida sunʼiy toʻsiqlar boʻlmasin. Oddiy
qilib aytganda, gender tenglik — oilani zaiflashtirish emas, oilani
kuchaytirish. Bu erkakni chetga surish emas, xotin-qizlar salohiyatini ham
mamlakat taraqqiyotiga toʻliq qoʻshish. Bu raqobat emas, hamkorlik. Bu imtiyoz
emas, adolat.
Mazkur
masala nima uchun muhim?
Ushbu
savolga javob oddiy va mantiqli: qishloq xoʻjaligi faqat yer, suv, urugʻ,
texnika va oʻgʻitdan iborat emas. Qishloq xoʻjaligi — odamlar sohasi. Bu sohada
har bir gektar ortida inson mehnati, har bir tonna mahsulot ortida oila
daromadi, har bir texnologiya ortida bilim va ishonch, har bir eksport
shartnomasi ortida mehnat zanjiri, har bir qayta ishlangan mahsulot ortida
sifat va masʼuliyat turadi. Prezidentimiz belgilab bergan “inson qadri uchun”
tamoyilidan kelib chiqqan holda agrar tizimni zamonaviy, aqlli, raqobatbardosh
va insonparvar sohaga aylantirmoqchi boʻlsak, xotin-qizlar ishtirokini chetdagi
masala emas, islohotning markaziy yoʻnalishi sifatida koʻrishimiz shart.
Keling,
endi masalaning yana bir juda nozik va hayotiy jihatiga toʻxtalaylik: ayol va
oziq-ovqat xavfsizligi. Ayol oziq-ovqatni koʻpincha faqat mahsulot sifatida
emas, dasturxon, bola salomatligi, oila barakasi va isrof boʻlmasligi kerak
boʻlgan neʼmat sifatida koʻradi. Ona mehri — Yaratgan ato etgan goʻzal fazilat.
Ona bolalarni ajratmaydi. Dasturxonda oziq-ovqat kam boʻlsa ham uni hammaga
yetkazishga harakat qiladi. Bola och qolmasin, keksa inson eʼtiborsiz qolmasin,
mehmonning koʻngli sinmasin, ortiqcha mahsulot isrof boʻlmasin, qishga zaxira
boʻlsin bu — faqat roʻzgʻor tajribasi emas, balki oziq-ovqat madaniyatidir. Bu
fazilatga faqat uy ichidagi oddiy odat deb qaramaslik kerak. Aslida, unda agrar
siyosat uchun katta saboq bor.
Birinchisi
— adolatli taqsimot. Oziq-ovqat xavfsizligi faqat koʻp mahsulot yetishtirish
emas. U yetishtirilgan mahsulotning kimga, qanday, qancha va qay tarzda yetib
borishi hamdir. Ayollarning oila, jamoa, maktab, bogʻcha, mahalla, bozor va
ishlab chiqarish tizimidagi tajribasi qaror qabul qilishda ishtirok etsa,
dasturlar faqat tonna va gektar bilan emas, inson ehtiyoji bilan ham
oʻlchanadi.
Ikkinchisi
— isrofni kamaytirish. Ayollar koʻpincha mahsulotni qadrlash, qayta ishlash,
saqlash, tejash va isrof qilmaslik madaniyatini oila va ish jarayonida saqlab
keladi. Oziq-ovqat isrofini kamaytirish esa bugun global qishloq xoʻjaligidagi
eng muhim vazifalardan. Dalada yetishtirilgan mahsulot dasturxongacha yetib
kelmasa, suv, yer, mehnat, oʻgʻit, energiya va vaqt ham isrof boʻladi.
Uchinchisi
— oziq-ovqat xavfsizligi bilan birga oziq-ovqat sifati. Ona bolasiga yomon
mahsulot bermaydi. Sifatsiz, buzilgan, zararli yoki ishonchsiz mahsulotni
dasturxondan olib tashlashga intiladi. Bu oddiy roʻzgʻor odobi emas, oziq-ovqat
xavfsizligi madaniyatining tabiiy asosidir. Qishloq xoʻjaligida sifat nazorati,
sanitariya, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va bozorga chiqarish jarayonida
xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish shuning uchun ham muhim.
Toʻrtinchisi
— kelajak avlod haqida oʻylash. Ayol koʻp hollarda yer, suv, oziq-ovqat va
salomatlikka faqat bugungi foyda nuqtayi nazaridan qaramaydi, balki bola, oila
va ertangi kunni oʻylaydi. Agrar siyosatda ham aynan shunday uzoqni koʻradigan,
hayotga yaqin, barqaror qarorlar kerak.
Albatta,
bu fazilatlar faqat ayollarga xos, erkaklarda yoʻq, degani emas. Agrar
taraqqiyot erkak va ayolning hamkorligi bilan boʻladi. Biroq hayot shuni
koʻrsatadiki, xotin-qizlarning oila, bola, oziq-ovqat, tejamkorlik, parvarish
va jamoa barqarorligidagi tajribasi qishloq xoʻjaligiga oid qarorlarning yanada
hayotiy, insoniy va uzoq muddatliligini taʼminlaydi. Shuning uchun ayollar
siyosatda, boshqaruvda, fermerlikda, ilmda, taʼlimda, korxonada va agrobiznesda
qancha koʻp ishtirok etsa, qarorlar ham shuncha toʻliq, adolatli va barqaror
boʻladi.
Koʻzgu
va amaliy javob
Shuning
uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi
tashkiloti — FAO bilan yaqin hamkorlikda muhim qadam qoʻydi: 2025-2030-yillarga
moʻljallangan qishloq xoʻjaligida gender tenglik strategiyasi qabul qilindi.
Bu
strategiya oddiy hujjat emas, balki Prezidentimiz belgilab bergan inson qadri,
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot
siyosatining agrar sohadagi amaliy ifodasidir. Qolaversa, ayollar va erkaklar
uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan yangi boshqaruv
madaniyati. Bu gender masalasini “alohida ijtimoiy mavzu” emas, balki agrar
sohaning samaradorligi, raqobatbardoshligi, oziq-ovqat xavfsizligi va
insonparvar taraqqiyoti bilan bogʻliq strategik vazifa sifatida koʻrishdir.
FAO
bilan tayyorlangan milliy gender profili bu jarayon uchun muhim ilmiy-amaliy
asos boʻldi. Bu nashr biz uchun oddiy xalqaro hisobot emas, balki koʻzgu. U
agrar tizimga yana bir koʻz bilan qarashga undaydi: xotin-qizlar qaysi resurslarga
ega? Ularning mehnati qay darajada koʻrinadi? Ular yer, suv, moliya, agrar
maslahat, taʼlim, texnologiya, ilmiy izlanish, qayta ishlash, bozor va
rahbarlikka qanday kiryapti? Qaror qabul qilish jarayonida ularning ovozi
eshitilyaptimi?
Koʻzgu
insonni ayblamaydi. U bor holatni koʻrsatadi. Agar yuzda chang boʻlsa, oyna
aybdor emas. U faqat “mana shu yerga eʼtibor bering”, deydi. FAOning milliy
gender profili ham shunday: u agrar sohadagi kuchli tomonlarni ham, yechim
kutayotgan masalalarni ham koʻrsatadi. Eng muhimi, bu koʻzguga qarab turib
qolmaslik kerak. Tashxisdan keyin davo, maʼlumotdan keyin siyosat,
strategiyadan keyin amal kerak.
Qishloq
xoʻjaligi vazirligining gender strategiyasi ana shu koʻzguga amaliy javobdir.
Tenglik
faqat bir kunlik yigʻilish boʻlsa, tez unutiladi
Birinchidan,
u qishloq xoʻjaligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va
imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan. Bu degani — sohada mehnat qilayotgan
har bir inson jinsidan qatʼi nazar, bilim, resurs, malaka oshirish, rahbarlik,
tadbirkorlik va ilmiy-amaliy imkoniyatlardan adolatli foydalanishi kerak.
Ikkinchidan,
strategiya ayollarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini
kengaytirishni koʻzda tutadi. Chunki qarorlar stolida ayol ovozi boʻlmasa, oila
ehtiyoji, bola ovqatlanishi, mahsulot isrofi, mahalliy bozor, tomorqa, kichik
chorvachilik, uy sharoitida qayta ishlash, omborga joylash, saqlash va
oziq-ovqat sifati haqidagi hayotiy tajriba har doim ham toʻliq aks etmaydi.
Uchinchidan,
strategiya resurslardan teng foydalanish masalasini ilgari suradi. Yer, suv,
moliya, kredit, subsidiya, agrar maslahat, urugʻ, texnologiya, raqamli
platforma, qayta ishlash va bozorga kirish imkoniyatidan xotin-qizlar ham toʻla
foydalana olishi kerak.
Toʻrtinchidan,
strategiya sohadagi lavozimlarda xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazishni
muhim maqsad sifatida koʻzda tutadi. Bu raqam oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas.
Bu — boshqaruvda ayollar ishtirokini kengaytirish, qaror qabul qilishda
ularning ovozini kuchaytirish, ilmiy taʼlim muassasalari, tadqiqot
institutlari, hududiy tizimlar va agrar boshqaruvda yangi avlod ayol
mutaxassislarini tayyorlash zaruratidan kelib chiqqan maqsad.
Beshinchidan, strategiya genderga sezgir
byudjetlashtirish, ayollar uchun ustoz-shogirdlik va mentorlik dasturlari,
gender statistikasini yaxshilash, ayollar kooperatsiyasi, oʻquvlar, jamoat
tadbirlari va xotin-qizlarning agrooziq-ovqat tizimidagi ijobiy qiyofasini keng
targʻib qilish kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Shu
oʻrinda strategiya qabul qilinishi munosabati bilan Toshkent shahrida “Qishloq
xoʻjaligida gender tenglik — qishloqni barqaror rivojlantirish asosi” mavzusida
yuqori darajadagi milliy muloqot oʻtkazilganini alohida taʼkidlash kerak. Unda
davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, nodavlat tashkilotlar,
fermer ayollar, tadbirkorlar va agrar soha vakillari ishtirok etdi. Bu
muloqotning ahamiyati shundaki, gender tenglik masalasi kabinetdagi hujjat
emas, jamoatchilik, xalqaro hamkorlar, olimlar va amaliyotchilar birgalikda muhokama
qiladigan ochiq islohot maydoniga aylandi.
Strategiyani
amalga oshirish uchun FAO, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, BMTning
Aholishunoslik jamgʻarmasi va boshqa hamkorlar bilan hamkorlik memorandumlari
imzolandi. 2026-2030-yillarga moʻljallangan amaliy harakatlar rejasi ishlab
chiqilmoqda. Vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot
institutlari va oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng
huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat kengashlari tashkil
etildi.
Bu
yerda gap faqat tadbir oʻtkazish haqida emas, balki institut yaratish haqida.
Chunki har qanday islohotning taqdiri uning instituti bor-yoʻqligiga bogʻliq.
Agar gender tenglik faqat bir kunlik yigʻilish boʻlsa, tez unutiladi. Agar u strategiyaga,
harakatlar rejasiga, maslahat kengashlariga, statistikaga, malaka oshirishga,
byudjetlashtirishga va rahbarlik masʼuliyatiga aylansa, hayotga kirib boradi.
Raqamlar
ortidagi taqdirlar
Strategiyadan
kelib chiqib, 2025-yilda vazirlik tizimida bu borada qator amaliy ishlar
bajarildi. Vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot
institutlari va oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng
huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha maslahat kengashlari tashkil
etildi. FAO ishtirokida “Qishloq xoʻjaligida gender tenglik — qishloqni
barqaror rivojlantirishning asosi” mavzusida milliy muloqot oʻtkazildi. Tadbir
doirasida vazirlik, FAO, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda BMTning
Aholishunoslik jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xalqaro
qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Agrar soha taraqqiyotida olima ayollar
oʻrni” mavzusida davra suhbatlari, “Uch avlod uchrashuvlari” tashkil etildi.
Sohada koʻp yillar samarali mehnat qilib kelayotgan faol xotin-qizlar, fermer
ayollar va olima ayollar eʼtirof etildi. Ayollarni fermerlik, tomorqa xoʻjaligi
va agrobiznesga keng jalb etish, ularning kasbiy bilim va amaliy
koʻnikmalarini oshirish maqsadida oʻquv kurslari, seminar-treninglar va
amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Bu
ishlar bir kunda paydo boʻlgani yoʻq. 2024-yilda ham agrar sektorda band
boʻlgan xotin-qizlar va erkaklarning malakasini oshirish boʻyicha
oʻquv-seminarlar tashkil etildi. Unda soha xodimlari va fermer xoʻjaliklari
rahbarlari ishtirok etgan. Har bir seminar, har bir muloqot, har bir trening
aslida katta oʻzgarishning kichik, lekin zarur qadamidir.
Vazirlik
tizimidagi raqamlar ham bizga ikki xil xulosa beradi. Bir tomondan,
xotin-qizlar sohada faol ishlayapti, bilim olyapti, malaka oshiryapti,
fermerlikka kiryapti. Ikkinchi tomondan, boshqaruv va rahbarlikda ularning
ishtirokini yanada kengaytirish zarur. Bugun vazirlik tizimida 22 mingdan ortiq
xodim faoliyat yuritadi. Ularning 1500 dan ortigʻi xotin-qizlar. Markaziy
apparatda ham, boshqaruv tizimida ham xotin-qizlar bor, lekin ular ulushini
oshirish — oldimizdagi muhim vazifa.
Shu
maqsadda strategiya doirasida sohadagi lavozimlarda ayollar ulushini 30 foizga
yetkazish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Mazkur raqam quruq statistika
emas. Bu — qishloq xoʻjaligi boshqaruvida yangi nigoh, yangi tajriba va yangi
masʼuliyat paydo boʻlishi degani. Ayol rahbarlarning koʻpayishi faqat lavozim
masalasi emas. Bu qaror qabul qilish jarayonida oila, qishloq, taʼlim,
salomatlik va insonparvarlik nuqtayi nazarining kuchayishi hamdir.
Amaliy
natijalar ham bor. 2022-2025-yillarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 27,1 ming
xotin-qizga 12,1 ming gektar yer ajratildi. Bugun respublikamizdagi 91 ming 712
ta fermer xoʻjaligidan 3145 tasini ayol-qizlar boshqarib kelmoqda. 2025-yilda
ushbu fermer xoʻjaliklariga 1 trillion 556 milliard soʻmlik imtiyozli kredit va
21,8 milliard soʻmlik subsidiya ajratildi.
Bu
raqamlar ortida oddiy inson taqdiri bor. Yer olgan ayol uchun bu faqat gektar
emas, ishonch. Kredit olgan ayolga bu faqat mablagʻ emas, imkoniyat. Subsidiya
olgan ayolga bu faqat yordam emas, oʻz mehnatini kengaytirish yoʻli. Fermer
xoʻjaligini boshqarayotgan ayolga bu faqat lavozim emas, qishloqdagi boshqa
qizlarga “men ham qila olaman” degan ishonch manbasidir.
Shu
maʼnoda, Qishloq xoʻjaligi vazirligining milliy darajada “gender chempioni”
sifatida eʼtirof etilishi tasodif emas. Bu eʼtirof ortida davlatimiz belgilab
bergan siyosiy irodaga amaliy javob, xalqaro hamkorlik, strategiya, tizimli
ish, ayollarni qoʻllab-quvvatlash va agrar sohada yangi boshqaruv madaniyatini
shakllantirishga qaratilgan harakat bor. Lekin har qanday mukofotning eng katta
maʼnosi — keyingi masʼuliyat. Chempion boʻlish finishga yetish emas. Chempion
boʻlish — yoʻl koʻrsatish, natijani chuqurlashtirish va uni har bir hudud, har
bir muassasa, har bir fermer xoʻjaligi, har bir korxona va har bir ayol
hayotida koʻrsatish, demakdir.
Oldimizdagi
vazifalar
Bugun
dunyoda qishloq xoʻjaligi yangi bosqichga kirmoqda. Suv tanqisligi kuchaymoqda.
Iqlim oʻzgarmoqda. Tuproqqa bosim ortyapti. Bozor talabchan boʻlyapti.
Oziq-ovqat xavfsizligi har bir davlat uchun strategik masalaga aylanmoqda.
Bunday sharoitda qishloq xoʻjaligini faqat texnika va investitsiya bilan emas,
inson kapitali bilan ham kuchaytirish kerak.
Inson kapitali deganda
esa faqat diplomli kadrlar emas, balki bilimli dehqon, masʼuliyatli fermer,
ilgʻor agronom, tadbirkor ayol, ilmga intilgan qiz, raqamli texnologiyani
tushunadigan yosh mutaxassis, oziq-ovqat texnologi, logistika mutaxassisi,
bozorni tushunadigan tadbirkor va jamoatda fikri eshitiladigan ayol ham
tushuniladi.
Hozir aqlli qishloq
xoʻjaligi haqida koʻp gapiryapmiz. Dronlar dalani kuzatadi. Sensorlar tuproq
namligini oʻlchaydi. Raqamli platformalar fermerga maʼlumot beradi. Suv
tejovchi texnologiyalar resursni asraydi. Biotexnologiya, urugʻchilik va
genomika hosildorlikni oshiradi. Lekin haqiqiy aqlli qishloq xoʻjaligi faqat
texnologiyadan iborat emas. U insonni ham koʻradigan tizim boʻlishi kerak.
Agar dron daladagi
kasallikni koʻrsayu, boshqaruv tizimi xotin-qizlarning koʻrinmas mehnatini
koʻrmasa, bu hali toʻliq aqlli tizim emas. Agar sensor tuproq namligini
oʻlchasayu, siyosat ayollarning resursga yetish imkoniyatini baholamasa, bu
hali toʻliq adolatli boshqaruv emas. Agar eksport raqamlari oʻssayu, ayollar
qiymat zanjirida faqat arzon mehnatchi boʻlib qolsa, bu hali toʻliq insonparvar
taraqqiyot emas.
Endi oldimizda quyidagi
muhim vazifalar turibdi:
Birinchidan, gender
strategiyasi har bir hududda tushunarli tilda tushuntirilishi kerak. Ushbu
hujjat faqat vazirlik kabineti yoki xalqaro konferensiya materiallarida qolib
ketmasligi lozim. Viloyat, tuman, fermer xoʻjaligi, agrar universitet, kollej,
mahalla, kooperatsiya, korxona, omborxona, qayta ishlash va savdo tizimi
darajasida ham uning maʼnosi tushunilishi zarur.
Ikkinchidan, gender
statistikasi kuchaytirilishi zarur. Qancha ayol oʻqidi? Qancha ayol kredit
oldi? Qancha ayol fermerlik qilyapti? Qancha ayol rahbarlikka koʻtarildi?
Qancha ayol qayta ishlash, logistika, eksport va agrobiznesda faol? Qaysi
hududda toʻsiq koʻproq? Qaysi dastur haqiqiy natija berdi? Bunday savollarga
aniq javob boʻlmasa, tizim ham moʻljalni aniq ololmaydi.
Uchinchidan, ayollar
uchun bilim va moliyaviy yordam birga berilishi kerak. Agar mablagʻ boʻlmasa,
faqat oʻqitish yetarli emas. Basharti agronomik, huquqiy, buxgalteriya, raqamli
savodxonlik va bozor bilimi boʻlmasa, kreditning oʻzi kifoya qilmaydi. Bilimsiz
moliya xavfli; moliyasiz bilim samarasiz. Ikkalasi birga boʻlsa, tadbirkorlik
oʻsadi.
Toʻrtinchidan,
ayollar rahbarligiga tayyorlov tizimi kerak. Yetakchilik tasodifan paydo
boʻlmaydi. Ustoz-shogirdlik, malaka oshirish, amaliyot, jamoat oldida soʻzlash,
raqamli koʻnikma, huquqiy savodxonlik, loyiha boshqaruvi — bular ayol mutaxassislarning
oʻsishi uchun zarur.
Beshinchidan, gender
tenglik qishloq xoʻjaligining barcha yangi yoʻnalishiga — raqamli
agroplatformalar, suv tejovchi texnologiyalar, iqlimga moslashuv dasturlari,
oziq-ovqat xavfsizligi, kooperatsiya, urugʻchilik, veterinariya, agrobiznes,
eksport, qayta ishlash va ilmiy tadqiqotlarga kirib borishi kerak.
Demak, qilinadigan ishlar
talaygina. Oson boʻlmasligi ham aniq, lekin yoʻlimiz toʻgʻri.
Kelajakda Oʻzbekiston
agrar tarmogʻi qanday boʻladi?
U paytda dalada dron uchadi,
ammo inson qadri unutilmaydi. Suv tejovchi texnologiya ishlaydi, ammo oila va
jamiyat ehtiyoji hisobga olinadi. Genomika va biotexnologiya rivojlanadi, biroq
oddiy fermerga tushunarli tilda maslahat beriladi. Eksport ortadi, ammo ayol
mehnati arzon va koʻrinmas boʻlib qolmaydi. Bozor faol boʻladi, lekin insondan
ustun turmaydi.
Bugun qishloq xoʻjaligiga
yangi qarash kerak. Yer faqat resurs emas, balki hayot manbai. Suv faqat ishlab
chiqarish vositasi emas, aksincha, avlodlar omonati. Ilm faqat maqola yoki
patent emas, xalq hayotiga xizmat qilish. Ayol faqat yordamchi emas,
taraqqiyotning toʻlaqonli ishtirokchisi.
Shuning uchun FAOning
milliy gender profili bizga koʻzgu tutdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligining
2025-2030-yillarga moʻljallangan gender strategiyasi esa shu koʻzguga qarab,
amaliy yoʻl tanladi. Endi eng muhim vazifa mazkur strategiyani hayotga chuqur
joriy etish. Har bir raqam ortida inson, har bir dastur ortida oila, har bir
imkoniyat ortida kelajak avlod borligini unutmaslikdir.
Islohotning
haqiqiy mezoni hujjat qabul qilingani emas, u inson hayotida qanday oʻzgarish
yasaganidir. Gender strategiyasining ham eng katta maqsadi shu: xotin-qizlarni
koʻrish, eshitish, qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston agrar taraqqiyotining teng
huquqli bunyodkoriga aylantirish. Ayol qadri koʻringan dalada baraka, ayol
ovozi eshitilgan sohada adolat boʻladi. Yangi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ham
aynan shunday boʻlishi kerak: zamonaviy, aqlli, raqobatbardosh, ilmga tayangan,
bozorga ochiq, ammo, eng avvalo, inson qadrini yuksak qoʻyadigan soha.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik