Xalqaro kuzatuvchilar 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi T.Atamuratov va okrug komissiya a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi.

Jumladan, 1-Qoraqalpog‘iston okrugi hududida 654 saylov uchastkalari tuzilganligi, tegishli tartibda mazkur uchastkalarga komissiya a’zolari tasdiqlanib, barcha hududlarda siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilib ovoz berish uchun tayyor holga keltirilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari a’zolariga qo‘yiladigan talablar, ularning tajribalarini oshirish maqsadida tashkil qilingan o‘quv seminarlari, saylov uchastkalarida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar va boshqa saylovchilarga ovoz berish uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi va savollariga to‘liq javoblar oldi.

Shundan so‘ng xalqaro kuzatuvchilar 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugida ertangi saylov kuniga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik va ertangi saylov jarayonlarini kuzatish uchun respublikamizdagi saylov uchastkalariga yo‘l olishdi.

Ma’lumot uchun: Ayni vaqtgacha 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugi hududida saylovga  tayyorgarlik va saylov kunidagi jarayonlarni kuzatish uchun uzoq muddatli 2 nafar va qisqa muddatli 14 nafar xalqaro kuzatuvchilar Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi.