Ma’lum bo‘lishicha "Biryuza Group" to‘qimachilik korxonasida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida 11 yanvar soat 08:07 da FVVga xabar kelib tushgan.

Korxona 4 qavatli binosida joylashgan omborxonadagi xom ashyo va aksessuarlar hamda tikuv syexidagi 500 taga yaqin tikuv mashinkalar yongan. Yong‘in bo‘yoq syexiga o‘tmagan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra yong‘in qisqa tutashuv natijasida yuzaga kelgan va ko‘rilgan zarar 5 mln.dollarga teng.

Yong‘in natijasida korxona ishchilari tezkorlik bilan evakuasiya qilinganligi sababli inson hayotiga xavf tug‘dirmagan, jabrlanganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in oqibatlarini bartaraf etish, uning yuzaga kelish sabablarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda. FVV tomonidan yong‘in soat 15:05 da to‘liq bartaraf etilganligi qayd etilgan.

Korxonani ushbu qiyin vaziyatda qo‘llab quvvatlash maqsadida «Uzagrosug‘urta» kompaniyasi tomonidan zararni qoplab berishda Uyushma tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi.

Korxonada 1500 nafar ishchi ishlayotganini va hozirda ular daromadsiz qolganliklarini inobatga olib korxona ishchilarini vaqtinchalik ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz.

Ushbu holatdan kelib chiqib, kish kunlarida texnika xavfsizligi choralarini ko‘rishni va yana bir bor korxonada mavjud nosozliklarni bartaraf qilish yuzasidan profilaktik tekshiruv o‘tkazishni to‘qimachilik korxonalari rahbarlaridan so‘raymiz, deyiladi "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi bergan bayonotda.