Jumladan, “A” guruhida 10-tur doirasida oʻtkazilgan oʻyinda Oʻzbekiston Qatarni 3:0 hisobida yengdi. Qirgʻiziston BAA bilan 1:1 oʻynagan boʻlsa, Eron – KXDR bahsi 3:0 hisobida yakunlandi. Mazkur natijalardan soʻng, guruhda Eron 23 ochko bilan birinchi oʻrinda qoldi. Oʻzbekiston termasi esa 21 ochko jamgʻardi. Shu tariqa, bu jamoalar Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, BAA termasi 15 ochko bilan uchinchi oʻrinni egalladi. Qatar 13 ochko bilan 4-oʻrindan joy olib, mundial sari kurashni yana bir saralash orqali davom ettiradigan boʻldi. Qirgʻiziston 8, KXDR 3 ochko bilan keyingi pogʻonadan oʻrin oldi va bu galgi mundial bilan xayrlashdi.
“B” guruhida Janubiy Koreya – Kuvayt 4:0, Iordaniya – Iroq 0:1, Falastin – Ummon 1:1 kabi natijalar qayd etildi.
Natijada Janubiy Koreya 22 ochko bilan peshqadam sifatida, Iordaniya ikkinchi oʻrin bilan Jahon chempionatiga chiqdi. Iroq 15, Ummon 11 ochko bilan 3-4 pogʻonalarda qayd etildi hamda 4-saralash bosqichiga oʻtdi. Falastin 10 ochko, Kuvayt esa 5 ochko bilan oxirgi oʻrinda qoldi.
Saralashning “S” guruhidagi 10-tur uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
Yaponiya – Indoneziya 6:0,
Saudiya Arabistoni – Avstraliya 1:2,
Xitoy – Bahrayn 1:0.
Shunday qilib, bu guruhda Yaponiya 23 ochko bilan yaqqol peshqadam ekanini isbotladi. Avstraliya 19 ochko bilan ikkinchi oʻrinda qayd etildi va ushbu jamoalar mundial sari yoʻl oldi. Saudiya Arabistoni 13, Indoneziya 12 ochko bilan 3- va 4-pogʻonada qoldi hamda 4-saralash bosqichiga yoʻllanma oldi. Kutilganidek, Xitoy 9, Bahrayn 6 ochko bilan guruh autsayderi sifatida Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan quruq qoldi.
Maʼlumot oʻrnida: Osiyo mintaqasida Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichida 18 ta jamoa 3 ta guruhga boʻlindi va har bir guruhdan 2 ta eng kuchli terma jamoalar – Oʻzbekiston, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Iordaniya bevosita “JCH-2026” yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Ushbu bosqichda 3- va 4-oʻrinni egallagan 6 ta eng yaxshi jamoa – BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Iroq va Ummon 4-bosqichda kurashni davom ettiradi.
4-bosqichda 6 ta jamoa 2 ta guruhda dunyo birinchiligining ikki yoʻllanmasi uchun bahs olib boradi. Guruh peshqadamlari mundialga yoʻl olsa, 2-oʻrinni egallagan terma jamoalar oʻzaro raqobatlashadi va gʻolib jamoa qitʼalararo pley-off bosqichida oxirgi chipta uchun qatnashadi.









