Qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi

    Mamlakatimizda 26 Iyun 2021 1693

    “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5163-son, 26.06.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi.

    Gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida (harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish jamoatchilik guruhlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Qarorga koʻra:

    harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestri yuritiladi;

    harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan qiynoqlar boʻyicha advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali murojaat qilish amaliyoti takomillashtiriladi;

    qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi;

    2021-yil 1-oktyabrdan tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.

    Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi Konvensiyasi” (Nyu-York, 1984-yil 10-dekabr) talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.