Buyuk Britaniya va AQSHning “Thwaites” muzliklari boʻyicha xalqaro hamkorligidan biri boʻlgan MELT olimlari umumiy erish kutilganidan sekinroq boʻlsa-da, yoriqlardagi parchalanish jarayoni tezlashganini aniqladilar. Tadqiqot natijalari “Nature” jurnalida chop etildi.

Boshqacha aytganda, Yerdagi eng xavfli muzliklardan biri massasini asosan tashqaridan emas, balki ichkaridan yoʻqotmoqda. Ushbu hodisa yoriqlarda toʻplangan tuzlar tufayli sodir boʻladi. Kutilmagan kashfiyot olimlarni xavotirga solmoqda, chunki bu “qiyomat muzligi” deb ataladigan ulkan muzlarning yoʻq qilish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi.

Yangi maʼlumotlar zamonaviy “Icefin” roboti tufayli qoʻlga kiritildi, uning yordamida tadqiqotchilar muzliklarga 607 metr chuqurlikka kirib, uning tubini, shuningdek, yoriqlarni oʻrganishdi.

Taxminan 120 kilometr kenglikdagi “Tueyts” muzligi Yerdagi eng katta va Gʻarbiy Antarktidadagi eng moʻrt muzliklardan biridir. Buyuk Britaniya hududi bilan taqqoslanadigan kattaligidan tashqari, u tez harakatlanishi bilan ham mashhur. Taxminlarga koʻra, uning toʻliq yoʻq boʻlib ketishi dunyo okeanlari darajasini taxminan 0,61 metrga oshiradi va bu keyinchalik dengiz sathining uch metrgacha koʻtarilishiga olib kelishi mumkin.

Antarktida muz qatlami Yerning ikkita qutbli muz maydonidan biridir. U materik hududining qariyb 98 foizini egallaydi va Yerdagi eng katta muz toʻplami hisoblanadi. Uning maydoni 14 million kvadrat kilometr, hajmi esa 26,5 million kubometr. Antarktida muz qatlami Yerdagi barcha toza suvning taxminan 61 foizini oʻz ichiga oladi. Sharqiy Antarktida muz qatlamining ertoʻlasi kontinental jinslardan tashkil topgan boʻlsa, Gʻarbiy hududdagi muzlar dengiz sathiga 2500 metrdan koʻproq “shoʻmgʻigan”.