Mamlakatimizda xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini oshirish va iqtidorli qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yil respublika boʻyicha oliy taʼlim muassasalarga kirish uchun qoʻshimcha 4 foizli qabul kvotalari ajratildi. Bunda asosan, kam taʼminlangan, ota-onasi vafot etgan, jismoniy imkoniyati cheklangan, doimiy uy-joyiga ega boʻlmagan oilalarda yashayotgan, oliy maʼlumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi past boʻlgan hududlarda yashovchi xotin-qizlarga tanlov asosida oliy taʼlim muassasalariga kirishda qoʻshimcha kvota ajratildi.

Shular orasida respublikamizning turli hududlarida yashovchi 46 nafar xotin-qiz ushbu imtiyoz sabab, Fargʻona davlat universiteti talabasi (grant asosida) boʻlishdek baxtga sazovor boʻldi. Universitet rektori Ravshanbek Maqsudov imtiyozli oʻqishga qabul qilingan bir necha talabalarning xonadonida boʻlib, ularni qutladi.

Fargʻona shahri Quva koʻchasi 54-uyda istiqomat qiluvchi Saodatxon Hoshimova xonadonida ham shodiyona hukmron. U ingliz tiliga juda qiziqadi. Berilgan imtiyoz asosida ana shu yoʻnalish talabasi boʻldi. Universitet rektori talaba qiz va uning onasiga mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan shart-sharoit, imkoniyatlardan toʻgʻri va oqilona foydalangani bilan samimiy muborakbod etdi.

–Qizlar uchun oʻqish va hunar oʻrganish juda ham kerak, – deydi filologiya fakulteti dekani Zokirjon Rahimov. – Bu ularning hayotida juda as qotadi. Shu bois ham davlatimiz rahbari bu masalaga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Mana bu imtiyoz ham ularning orzulariga katta ragʻbatdir.

Shuningdek, Fargʻona shahri Muborak koʻchasi 9-uyda istiqomat qiluvchi oʻzbek tili yoʻnalishiga qabul qilingan Yulduzxon Xalilova, Bozorboshi koʻchasida yashovchi tasviriy sanʼat yoʻnalishi talabasi boʻlgan Sevdoraxon Qodirovalar xonadonlariga borilib, ularga samimiy tabriklar bildirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan berilgan imkoniyatning ilk sovrindorlari boʻlgan bu qizlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Imtiyoz asosida davlat grantiga Fargʻona davlat universitetiga qabul qilingan barcha qizlarga rektor tabriknomasi yetkazildi.