Bu haqda Al Masry Al Youm gazetasi Qizil dengiz viloyati gubernatori Amr Hanafiyga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Hanafiy Qizil dengizdagi Marsa-Alam qirg'oqlari yaqinida cho'kib ketgan Sea Story yaxtasidan yigirma sakkiz kishi qutqarilgani, 17 nafari bedarak yo'qolgan deb topilganini ma'lum qilgan edi.
“Qizil dengiz gubernatori Amr Hanafiy yaxtaning cho'kib ketishi oqibatida bedarak yo'qolganlarni qidirish va qutqarish ishlari davomida Qizil dengiz sohillari yaqinida uch kishining jasadi topilganini ta'kidladi”, deyiladi gazeta xabarida.
Avvalroq Qizil dengiz viloyati ma'muriyati dushanba kuni ertalab Misrning Marsa-Alam qirg'oqlari yaqinidagi Qizil dengizda 31 nafar turist va 14 nafar ekipajdan iborat yaxta cho'kib ketgani, ba'zilari tirik holda topilgani, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani haqida xabar bergan edi.
Misr ommaviy axborot vositalariga ko'ra, cho'kib ketgan yaxta bortida 13 davlat – Misr, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Xitoy, AQSh, Slovakiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Polsha, Norvegiya, Irlandiya va Finlyandiya fuqarolari bo'lgan. Kema 24-noyabr kuni Marsa-Alamdan dayving-tur sayohati uchun jo'nab ketgan va 29-noyabr kuni Xurgadaga yetib borishi kerak edi, deb xabar beradi ria.ru.