Joriy yilning 10-mart kuni Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Yashnobod tumani boʻlimi davlat inspektorlari hamda Yangiobod bozori maʼmuriyati tomonidan navbatdagi reyd tadbiri oʻtkazildi.
Reyd bozorda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyish maqsadida amalga oshirildi. Tadbir davomida fuqaro S. A. tomonidan bir bosh choʻl burguti sotilayotganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning besh barobari — 1 million 700 ming soʻm miqdorida jarima belgilandi.
Ayni damda burgutga Toshkent hayvonot bogʻida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Salomatligi toʻliq tiklangach, tabiat bagʻriga qoʻyib yuboriladi.
Maʼlumot uchun, choʻl burguti zaif, qisqarib borayotgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi, TMXIning Qizil roʻyxati va CITECning II ilovasiga kiritilgan. Uni ovlash taqiqlangan.