Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan “Lochin polaponini sotaman” degan eʼlon ekologiya inspektorlarining diqqatini tortdi. Davlat ekologiya qoʻmitasi Navoiy viloyat boshqarmasining tezkor guruhi xodimlari tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumani “Qahramon” MFY hududidagi Barkamol avlod koʻchasida yashovchi fuqaro M. M tomonidan lochin polaponini sotmoqchi boʻlgan vaqtida toʻxtatildi.

Bu qush fuqaro M. M ga qanday qilib kelib qolgani soʻralganda 2021-yil 5-iyul kuni Navoiy viloyati Karmana tumani hududida joylashgan “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida ishlayotgan vaqtida topib olganligini aytdi.

Shuningdek ushbu qush qizil kitobga kiritilgan 2 oylik lochin polaponi ekanligi, topib olingan qush toʻgʻrisida fuqaro M.M Davlat ekologiya qoʻmitasi Navoiy viloyat boshqarmasining inspektorlariga xabar qilmaganligi va u temir panjarali qafasga solinib boqilayotganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 94-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar Navoiy shahar sudiga yuborildi, deb xabar beradi Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.