“Qizil Kitobi”ga kiritilgan saqoqush nobud qilindi

    Yashil sayyora 2 Fevral 2023 1272

    Holat Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi koʻlda sodir boʻldi.

    Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda saqoqushning ovlangani yuzasidan tarqalgan videotasvirda koʻrsatilgan hudud va fuqaro shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotgani haqida vazirlik matbuot xizmati xabar bergan edi.

    Vazirlik “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimi boʻlimi davlat inspektorlari hamda ichki ishlar xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirda holat Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joylashgan koʻlda sodir boʻlgani va fuqaro E.D. bir bosh saqoqush (pelikan)ni qarmoq yordamida ushlab, nobud qilgani aniqlandi.

    Mazkur holatda Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida” gi qonunlari talablari buzilgan.

    Saqoqush (pelikan) Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga kiritilgan tur boʻlganligi sababli huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora koʻrish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni undirish maqsadida toʻplangan hujjatlar tegishli prokuratura organlariga taqdim etildi.