Har qanday sharoitda ham aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini  qo‘llab-quvvatlash, ularga insonparvarlik yordami ko‘rsatish xalqimizga xos  fazilat. Shu ma'noda aytganda, hozirgi pandemiya sharoitida kam ta'minlanganlardan tashqari nogiron va ko‘makka muhtoj bo‘lgan insonlar ham e'tibordan chetda qolmadi.  Jumladan, Qizil yarim oy jamiyati aholining ehtiyojmand qatlamiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etmoqda.

Masalan, jamiyat poytaxtimizdagi 184 nafar yakka-yolg‘iz, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan nogiron qariyalarga 561 390 so‘mdan, jami 103 295 760 so‘m miqdorida moddiy yordam pulini ajratdi. Ro‘yxatdagi har bir qariyaga jamiyat tomonidan bank bilan shartnoma tuzilgan holda plastik kartochkalari ochilib, yordam mablag‘lari tushirib berildi. Jamiyat xodimlari karantin qoidalariga rioya qilgan holda mazkur plastik kartalarni o‘z egalariga topshirmoqda.

Qayd etish kerakki, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 200dan ortiq kam ta'minlangan, yakka-yolg‘iz, nogiron qariyalarga va 51 nafar imkoniyati cheklangan bolajonlarimizga ham mehr-shafqat xizmati hamshiralari muntazam manzilli yordam ko‘rsatib kelmoqdalar.