Mazkur turistik majmua 10,0 gektar maydonni egallagan boʻlib, qoʻshimcha 30,0 gektar maydonda agro-eko bogʻlar va issiqxonalar barpo etilgan. Obyektning birinchi bosqichida 500 nafar, keyingi bosqichlarida esa bir vaqtning oʻzida ming nafardan ortiq dam oluvchilar va sayyohlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Eʼtiborlisi, bu sayyohlik dam olish maskani ishga tushgach hozirda 100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, sayyohlik obyektida oʻrta asrlardagi Buxoroning tarixiy manzaralari - Varaxsha terassasi, Sardoba, karvonsaroy majmuasi, plyaj, hozirda 80 oʻringa moʻljallangan oʻtovlar, milliy va Yevropa taomlari restoranlari, tibbiyot burchagi, sogʻlomlashtirish maskani, sport oʻyingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh, kvadratsikllar, ot va tuyalarda sayohat, elektromobil, Jeep kabi transportlari kabi turli qoʻshimcha xizmatlarni ham oʻz ichiga oladi. Maskanga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq tabiat qoʻynida ajoyib teatrlashtirilgan tomoshalar va koʻngilochar shoudasturlari namoyishi yoʻlga qoʻyilgan.
Tahlillarga koʻra, 2019-yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi qariyb 3,5 baravarga koʻpaygan. Birgina xorijiy turistlardan viloyat iqtisodiga 130,0 mln. dollardan ziyod tushum kuzatilgan, bu esa 4 yil avvalgi koʻrsatkichga (25 mln. doll.) nisbatan 5 baravarga koʻp demakdir.
Buxoroda ayni paytda jami 366 ta, shundan 151 ta mehmonxona, 36 ta xostel, 179 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda. Nafaqat, Buxoroning tarixiy qismi, balki qishloq tumanlari va choʻl hududlarida ham turizm rivoji avj olmoqda.
Xususan, Buxoro yaqinidagi Toʻdakoʻl suv havzasi qirgʻogʻida yaqinda ish boshlagan “Plyaj turizmi” maskani, Qoraqir, Ogʻitma, Shoʻrkoʻl, Zikri, Devxona, Xadicha koʻllari boʻyida turizm obyektlari tashkil etilgani, “Jayron” ekoturizm qoʻriqxonasi, Olot tuzli suv havzasi va qum barxanlari atrofida turistik xizmatlar kirib kelishi bunga yorqin misol boʻladi.