Uchrashuvda ishtirokchilar parlament faoliyati xususan, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoni bilan yaqindan tanishish hamda senatorlar bilan boʻlib oʻtgan jonli muloqot natijasida siyosiy bilim va koʻnikmalarini yanada boyitish imkoniyatiga ega boʻldi.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonova bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarda xotin-qizlarning oʻrni va ishtirokiga toʻxtalib oʻtib, har bir amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar bilan yonma-yon yurish, imkoniyatlardan foydalanish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, Senat faoliyatining huquqiy asoslari, vakolat va vazifalari, qonunlarni koʻrib chiqish hamda qabul qilish jarayonlarining ayrim jihatlari, parlament nazoratini olib borish toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.
Qayd etish kerakki, Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan 2019-yildan buyon Qizlarjon klubida liderlik, ijtimoiy-siyosiy faollik, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani yuksaltirish, kasb-mahoratini oshirish maqsadida 38 mingdan ziyod oʻquvchi-qizlar qamrab olingan.
Ular orasidan 120 nafar oʻquvchi-qizlar moderator sifatida faoliyat yuritishi va 14 mingga yaqin oʻquvchi-qizlar tengdoshlik tamoyili asosida turli mazmundagi uchrashuvlarni tashkil etib kelyapti.
Samimiy muloqot davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.