Kobul shahrida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi ish boshladi

    Xalqaro hamkorlik 17 Avgust 2024 826

    Amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Kobul shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes forumi hamda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Ko‘rgazma ochilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalari ishtirok etdi.

    Mazkur qo‘shma biznes-forum hamda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

    “Made in Uzbekistan” O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni namoyish etish, eksport shartnomalari tuzish, mamlakatimizning eksport salohiyatini kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

    Ko‘rgazmada O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan korxonalarning tekstil, charm-poyabzal mahsulotlari, gilamlar, meva-sabzavotlar, elektrotexnika va kabel mahsulotlari, avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi, metallurgiya, neft-kimyo va boshqa ko‘plab turdagi tayyor mahsulotlari namoyish etilmoqda.

    Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish, shartnomalar tuzish imkoniyati ham mavjud.

    Kobul shahrida bugun, 17-avgust kuni ish boshlagan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi 21-avgustga qadar davom etadi.