Hokimlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, forumda Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi Favqulodda va muxtor elchisi — Oybek Usmonov, Afgʻoniston Sanoat va savdo vaziri — Nuriddin Aziziy, Afgʻoniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi — Said Karim Hoshimiy, Afgʻoniston iqtisodiyot vaziri oʻrinbosarlari, shuningdek, Sirdaryo viloyati delegatsiyasi hamda afgʻonistonlik tadbirkorlar qatnashishdi.
Forum doirasida Sirdaryo va Afgʻoniston tadbirkorlari oʻrtasida B2B, davlat va biznes vakillari ishtirokida esa G2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Biznes-forum yakunida umumiy qiymati 300 million AQSH dollariga teng eksport va import kelishuvlariga erishildi.
Mazkur kelishuvlar oziq-ovqat mahsulotlari, un va don, tekstil, qurilish materiallari, kimyo va boshqa sanoat yoʻnalishlarini qamrab oladi.