Mazkur loyihaning global miqyosdagi geosiyosiy ahamiyatini, shuningdek, Transafgʻon transport yoʻlagini shakllantirishdagi Oʻzbekiston tomonidan bildirilgan tashabbuskorlikni inobatga olgan holda, ushbu Bitimning imzolanish marosimi Kobul shahrida oʻtkazildi.

Hujjatning imzolanishi, avvalo, loyihaning tezroq amalga oshirilishiga, Yevroosiyoning yagona transport markazini yaratishga hamda davlatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi davlat rahbarlari uchrashuvi yakunlariga koʻra erishilgan kelishuvlar asosida, Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston temiryoʻl ekspertlari tomonidan “Termiz – Naybobod – Maydanshahr – Logar – Xarlachi” temiryoʻl liniyasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish boʻyicha uch tomonlama Hukumatlararo hadli bitim loyihasi ishlab chiqilgan edi.

Ushbu loyiha doirasida bugungi kungacha ishtirokchi davlatlar tomonidan ichki muvofiqlashtirish tartib-taomillari oʻtkazildi, uch mamlakat temiryoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasida bir qator videokonferensiya shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Imzolangan Bitimga koʻra, loyiha boʻyicha TIA ishlab chiqish bilan bogʻliq barcha ishlarning buyurtmachisi sifatida 2023-yil may oyida tashkil etilgan bosh uch tomonlama Loyihalar ofisi — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ huzuridagi Xalqaro raqamli transport yoʻlaklari rivojlanish strategiyasi loyihalar ofisi belgilangan. Mazkur ofisning Kobul va Islomobod shaharlarida filiallari mavjud.

Maʼlumot uchun: 2023-yil 18-iyul kuni Islomobod shahrida uch ishtirokchi davlat vakillari tomonidan “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temiryoʻl liniyasining yakuniy yoʻnalishi — “Termiz – Naybobod – Maydanshahr – Logar – Xarlachi” kelishib olingan. Oʻsha yili “Boshtransloyiha” AJ hamda «E&Y» (katta toʻrtlikka kiruvchi xalqaro kompaniya) bilan hamkorlikda loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asos hujjati ishlab chiqilgan.