Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-19 mart kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida hudud rahbarlari zimmasiga qator vazifa va topshiriqlar yuklatildi. Jumladan, sektor rahbarlarining faoliyat samaradorligini oshirish, “fuqarobay”, “mahallabay” va “sektorbay” tizimda samarali ishlash, amalga oshirilgan ishlar hisobdorligini yuritish, bu borada Namangan tajribasidan keng foydalanish masalasi ko'tarilgandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida ushbu topshiriqlar ijrosini samarali tashkil qilish borasida viloyatdagi barcha tuman va shahar prokurorlari, ichki ishlar organlari va soliq inspektsiyalari rahbarlari uchun o'quv seminar tashkil etildi.
Tadbirda viloyatdagi barcha sektor rahbarlari faoliyatini baholash mezoni, “mahallabay” “fuqarobay” va “sektorbay” ishlash tizimi, kunlik, haftalik, oylik aniq rejalar tuzish va uni amalga oshirish mexanizmlari, ishda samaradorlikka erishishda e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan jihatlar haqida so'z bordi.
Seminarda sektor rahbarlari o'z faoliyatida ahamiyat berishi lozim bo'lgan omillar, xususan, ish avvalida aniq reja va maqsad qo'ya bilish, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dagi oilalarni va fuqarolarni chinakamiga ro'yxatdan chiqarish choralarini ko'rish, bu borada Namangan tajribasini keng qo'llash kabi masalalar xususida so'z bordi. endilikda sektor rahbarlari faoliyati 13 ta aniq indikator asosida muntazam baholanishi va ushbu reytinglarni aholi vakillari to'g'ridan-to'g'ri kuzatib borishi mumkinligi qayd etildi.
SHuningdek, barcha sektor rahbarlari faoliyatida ortiqcha qog'ozbozlikni cheklovchi, ma'lumotlar va hisobotlar elektron shakllanuvchi tizim yo'lga qo'yilgani aytildi. Bundan tashqari, sektor rahbarlari o'zlarining malakalarini onlayn tarzda oshirib borishlari uchun Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilm.argos.uz platformasi ishga tushirilgani ma'lum qilindi. endilikda barcha zarur ma'lumotlar bilan ham matn, ham videodarsliklar ko'rinishida tanishish mumkin. eng muhimi, platformadan telefon, planshet yoki internetga ulangan komp`yuter orqali foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Tadbirda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo'yicha dolzarb jihatlarga ham to'xtalib o'tildi.
Munojat MO'MINOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri