Qo‘mita faoliyati sarhisob qilindi

    Mamlakatimizda 14 Yanvar 2022 658

    2022-yil 13-yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan «Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi: yil yakunlari sarhisobi» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

    Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan «2021 – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da O‘zbekistonning tashqi siyosati sohasida xalqaro munosabatlarning to‘laqonli sub'ekti sifatida o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, uning atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro nufuzi va imijini mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish bilan birga ushbu yo‘nalishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

    Matbuot anjumanida qayd etilganidek, O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan yana biri bu dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik hamda hamkorlikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishdan iborat. Mamlakatimizning milliy manfaatlariga javob beradigan hamda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur o‘ylangan amaliy tashqi siyosiy yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    O‘tgan vaqt mobaynida qo‘mita qonun ijodkorligi yo‘nalishida 10 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi. Ularning barchasi qabul qilindi. Qo‘mita mas'ulligida 4 ta Senat va Qonunchilik palatasining qo‘shma qarorlari, 10 ta konsepsiya, dastur, rejalar va «yo‘l xaritalari» tasdiqlandi. Bundan tashqari, qo‘mita yil davomida 10 dan ortiq qonun loyihalari va boshqa qonun hujjatlariga o‘zining taklif va tavsiyalarini taqdim etdi.

    Hisobot davrida qo‘mita tomonidan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil yo‘nalishida, shuningdek, tashkiliy-amaliy tadbirlar doirasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bir qator vazirlik va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari va madaniy-ma’rifiy markazlar a’zolari ishtirokida 36 ta turli tadbir o‘tkazilgan. Jumladan, 5 ta qo‘mita eshituvi, 4 ta nazorat-tahlil va monitoring tadbirlari, 9 ta davra suhbatlari, xalqaro konferensiyalar va seminarlar, 2 ta forum, 3 ta ilmiy anjumanlar va amaliy muloqotlar hamda 6 ta boshqa turdagi tadbirlarni o‘tkazdi.

    Anjumanda qo‘mita a’zolari ta'kidlaganidek, so‘nngi yillarda butun dunyo bo‘ylab tarqalgan COVID-19 pandemiyasi xalqaro va parlamentlararo uchrashuvlar va diplomatik aloqalarni o‘tkazishda bir qator noqulay vaziyatlar vujudga kelganiga qaramasdan qo‘mitaning bevosita muvofiqlashtiruvi natijasida ikki palataning xorijiy mamlakatlar parlamentlari va qonunchilik organlari bilan tuzilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlari soni 2021-yilga kelib 53 taga yetdi. Xorijiy mamlakatlarga uyushtirilgan xizmat safarlari 56 tani hamda Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchilar bilan Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan uchrashuvlar soni 18 tani tashkil etdi.

    2021-yilda qo‘mita tashabbusi bilan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga 1 ta parlament so‘rovi jo‘natilgan. Shu bilan birga, qo‘mita a'zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 13 ta deputat so‘rovi yuborilganligi ta’kidlandi.

    Qo‘mita a’zolari tomonidan qo‘mitaga kelib tushgan jami 628 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, tegishliligiga ko‘ra vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat organlariga yuborildi.

    Shu jumladan, qo‘mita tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlarining eshituvlarini nazorat-tahlil tartibidagi o‘rganish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarlarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani, xorijdagi o‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslarning hamda xorijga chiqayotgan mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishi holati haqida»gi hisobotlari eshitilishi natijasida fuqarolar tomonidan qilinayotgan murojaatlarning aksariyati o‘zining ijobiy yechimini topayotgani e'tiborga molikligi qayd etildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.