Qoʻmita majlisida Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari rahbarlarining axborotlari eshitildi

    Mamlakatimizda 30 Sentabr 2022 1264

    2022-yil 30-sentyabrda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda 2021-yilda Hisob palatasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan kamchilik va qonun buzilishlarni bartaraf etish holati yuzasidan Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari rahbarlarining axborotlari eshitildi.

    Qayd etilganidek, vazirliklar tomonidan byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

    Xalq taʼlimi vazirligi tizimida byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan Hisob palatasi hamda Moliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, inson omilini kamaytirish va byudjet xarajatlarini rejalashtirishdagi kamchiliklarning oldini olish boʻyicha “UzASBO” dasturiy majmuasiga oʻzgartirishlar kiritilib, yangi modul va avtomatik cheklovlar joriy etilgan.

    Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi barcha umumtaʼlim maktablarining byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarini nazorat qilish hamda ortiqcha toʻlovlarning oldini olish, xodimlarning oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarini avtomatlashtirish va bu jarayonda inson omilini kamaytirish, sarflangan va tejalgan mablagʻlarni koʻrish imkoniyati mavjud boʻlgan yagona elektron dasturiy majmua (erp.maktab.uz axborot tizimi) ishlab chiqilgan.

    Shuningdek, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan toʻlov shartnoma asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar uchun onlayn shaklda ariza qoldirish hamda toʻlov shartnomalarni onlayn olish imkonini beruvchi “t-kontrakt.edu.uz” axborot tizimi ishga tushirilgan.

    Senatorlar majlisda taʼlim tizimidagi ijobiy ishlar bilan birga, mavjud ayrim muammolar va kamchiliklar hanuzgacha saqlanib qolayotganligiga ham eʼtibor qaratdi.

    Xususan, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarida qoʻshib yozish, qimmat narxlarni qoʻllash orqali byudjet mablagʻlarini ortiqcha sarflashga yoʻl qoʻyish va davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik talablariga zid ravishda shartnomalar tuzish holatlari mavjudligi qayd etildi.

    Shuningdek, mazkur vazirlik tizimida issiq ovqat bilan taʼminlashda autsorsing xizmatlariga byudjet mablagʻlarini toʻlashda tizimli xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Oliy taʼlim tizimida OTMga oʻqishga kirish uchun belgilangan imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilmayotganligi, nogironligi boʻlgan fuqarolarni qoʻshimcha davlat granti asosida tahsil olishi uchun davlat byudjeti mablagʻlari notoʻgʻri sarf etilayotganligi tanqid qilindi.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida byudjet mablagʻlarining sarflanishi, ish haqi va oʻzaro hisob-kitoblar jarayoni, shu jumladan, taʼlim obyektlari qurilishidagi korrupsiyaviy omillarni toʻliq bartaraf etish choralari koʻrilmaganligi hamda vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat tizimini qayta koʻrib chiqish zarurligi masʼul rahbarlarga koʻrsatib oʻtildi.

    Shuningdek, vazirliklar tizimida Davlat byudjeti mablagʻlarini maqsadli sarflanishida yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar va ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar senatorlarning eʼtiboridan chetda qolmadi.

    Majlis yakunida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.