Qoʻngʻirotdagi maktabga Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomobili topshirildi

    Keyingi avlod 7 Aprel 2021 2113

    Qoʻngʻirot tumanidagi 39-son umumtaʼlim maktabiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi — “Spark” avtomobili topshirildi.

    “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmogʻi yuqori koʻrsatkichlarni koʻrsatgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi 39-son umumtaʼlim maktabiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi yaʼni “Spark” avtomobili topshirildi.

    “Bir million dasturchi” (One Million Uzbek Coders) loyihasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “ Dubai Future Foundation” jamgʻarmasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinyapti.

    Joriy yil mart oyining yakuni holati boʻyicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali roʻyxatdan oʻtib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan ortdi. Shu jumladan, ulardan 81 ming nafardan ortigʻi ishtirokchi va 50 ming nafardan ortigʻi bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritdi.

    Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan roʻyxatdan oʻtganlar soni boʻyicha Navoiy viloyati (36 600 nafar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (27 574 nafar) va Toshkent shahar (25 572 nafar) yetakchilik qilib kelyapti.

    Faoliyat turi boʻyicha tahlil natijalariga koʻra, umumtaʼlim maktab oʻquvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Keyingi oʻrinlarda oliy taʼlim muassasalari talabalari 13,1 foiz, ish faoliyati bilan band boʻlganlar 5,8 foiz, kollej va litsey oʻquvchilari 1,4 foiz va boshqalar 12,5 foizni tashkil etadi.

    Loyiha doirasida eng koʻp umumtaʼlim maktab oʻquvchilari orasida uzbekcoders.uz portali orqali roʻyxatdan oʻtgan va ishtirokchilar soni boʻyicha Navoiy viloyatidagi maktablar yetakchilik qilyapti. Keyingi oʻrinlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan viloyatidagi umumtaʼlim maktablari eng faol maktablar roʻyxatidan joy olgan.

    Yosh toifasi boʻyicha taʼlim oluvchilarning asosiy qismi yaʼni 90% dan ortigʻi 13-34 yoshlar orasidagi oʻquvchilar hissasiga toʻgʻri keladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.