Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning o'sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta'minlashning muhim manbaiga aylandi. Mamlakatimizda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko'lami ortsa-ortyaptiki, pastlayotgani yo'q. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlarga “kamarbasta” bo'ladigan ko'plab farmon va qarorlari qabul qilinmoqda. Hududlarda bu boradagi ko'rsatkichlarni oshirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilyapti. Endi, hamma gap hokimlar va sektorlar rahbarlarining belgilab olingan vazifalarni nechog'lik hayotga tatbiq etayotganida qolmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to'g'risida”gi qarori bilan yurtimizda ilk bor yangicha tizim — joylardagi tadbirkorlik muhitini baholash joriy etilgan edi. Jarayonda birinchi martta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko'rsatkichlar, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o'rganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o'rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Ular “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar, deb belgilandi. Shu asosida 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o'rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

2020-yilning 24-sentyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzacho'l, Yangiqo'rg'on, Shovot, Kasbi, Qumqo'rg'on, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz ekani, aslida ularda ham yetarlicha salohiyat va infratuzilma borligi ta'kidlandi. Tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, ko'rsatkichlari nisbatan past bo'lgan hududlarga ko'maklashish choralari bo'yicha berilgan topshiriqlar asosida zarur ishlar boshlab yuborildi.

Barchaga barobar imkoniyatlar

2019-yil yakuniy reyting natijalariga ko'ra, Surxondaryo viloyatining Qumqo'rg'on va Muzrabot tumanlari ham qizil hududlar toifasiga kiritildi. Tahlillar natijalari asosida Qumqo'rg'on tumani tadbirkorlik ko'rsatkichlari bo'yicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi o'rinlardan birida ekani, hududda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan er bo'lishiga qaramay, ulardan samarali foydalanish bo'yicha loyihalar ishlab chiqilmagani aniqlandi.

Ushbu holatdan mulzam bo'lgan Qumqo'rg'on tumani sektor rahbarlari Xalq deputatlari tuman kengashida xalqdan uzr so'rab, qisqa vaqtda hududdagi tadbirkorlik ko'rsatkichlarini oshirishga va'da berdi. Tumanni rivojlantirish bo'yicha aniq takliflarga asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlandi. “Yaxshi” deb baholangan hududlar tajribasi o'rganilib, shu asosda amaliy harakatlarga kirishildi.

Dastlabki bosqichdagi sa'y-harakatlar, avvalo, tumandagi kichik va o'rta biznes vakillarini qo'llab-quvvatlash, joylarga chiqqan holda, odamlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga xalaqit berayotgan muammolarni hal etish, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashishdan boshlandi.

— Mutasaddi tashkilotlar mas'ullari bilan birgalikda olib borgan o'rganishlarimiz orqali tumandagi faoliyatini vaqtincha to'xtatgan 27 ta, “nol” hisobot topshirgan 32 ta tadbirkorlik sub'ektlari bo'yicha aniq yo'l xaritalari ishlab chiqilib, ularning faoliyati tiklandi va qayta yo'lga qo'yildi, — deydi Qumqo'rg'on tuman hokimining birinchi o'rinbosari Murod Qultayev. — 767 ta yangi tadbirkorlik subyektlari ochilib, ular tomonidan 2,8 milliard so'mlik qo'shimcha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, 1200 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. 758 ta tadbirkorlik sub'ektlariga 734,0 milliard so'mlik kredit mablag'lari ajratilib, iqtisodiy faolligi oshirildi. Bu orqali yaratilgan 25,4 milliard so'mlik qo'shimcha hajm tumanning ijtimoiy-iqtisodiy ko'rsatkichlariga ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Byudjetga 32,1 million so'mlik soliq tushumlari tushirilishiga erishildi.

“Radikal sharq” MCHJ mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ish faoliyatini kengaytirgan korxonalardan biri. O'tgan yili xususiy korxona tomonidan umumiy qiymati 1,3 milliard so'mga teng non va non mahsulotlari ishlab chiqarish hamda mahalla guzari tashkil etish loyihasi ishga tushirildi. Natijada 101 million so'mlik qo'shimcha hajmlar yaratilib, 10 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Tumanda shuningdek, sanoatda ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirgan korxonalarning barchasini to'liq quvvatlarda ishlashi uchun imkoniyatlar ochildi. 2020-yil davomida 274 gektar yer maydonlarida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilindi. Kam ta'minlangan, ishsiz aholini sanoat, xizmat ko'rsatish, qishloq xo'jaligi soxasi va issiqxona komplekslariga jalb qilish orqali jami 2 259 nafar fuqarolarning bandligi ta'minlandi.

Natijada, 2020-yilning o'tgan davrida barcha sohalarda o'sish kuzatilib, sanoat maxsulotlari ishlab chiqarish hajmi 131,1 foizga, xizmatlar hajmi 103,4 foizga, chakana savdo hajmi 101,5 foizga oshdi. Ushbu sa'y-harakatlar o'z samarasini berib, Qumqo'rg'on tumani o'tgan yil yakuni bilan “qizil” hududdan “sariq” hudud toifasiga o'tkazildi.

  Ammo tuman mutasaddilari bu bilan chegaralanib qolmoqchi emas. Ular hududni eng yaxshilar qatoriga olib chiqishni maqsad qilgan. Buning uchun rejalar tuzilib, ishlar boshlab yuborilgan.

— Joriy yilda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy o'sishi va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yana bir qancha masalalarni oldimizga maqsad qilib qo'yganmiz, — deydi Murod Qultayev. — Tadbirkorlikni 2 barobarga oshirish, ishlab chiqarish xajmlarini kamaytirgan korxonalarning barchasini to'liq quvvatlarda ishlashini ta'minlash uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida chora-tadbirlar belgilab olindi. Avvalo, bir qancha banklar tomonidan hududlar “Mahallabay” o'rganilib, jarayonda 4 ta mahalla —“Xo'jamulki”, “Bobotog'”, “Saxovat”, “Ko'ganli” “qizil” hududga kiritildi. Hozirda ularning “drayver”lari aniqlanib, barcha ishlarni amalga oshirish bo'yicha yo'l xaritalarini belgilab oldik. Masalan, “Xo'jamulki” mahallasida dehqonchilik rivojlangan bo'lib, bu erda “Xushvaqt Jumaevich” oilaviy korxonasi tomonidan moshni qayta ishlash loyihasi yo'lga qo'yilmoqda. Boisi, mahalla aholisi mosh yetishtirish tajribasiga ega bo'lib, 2 ming gektarga yaqin maydonga mosh mahsuloti ekadi. Ushbu korxona boshlanishiga 214 ta xonadonga urug' yetkazib beradi va tayyor mahsulotni o'zi sotib olib, qayta ishlaydi. Keyinchalik, bu loyihani boshqa mahallalarda ham joriy etish orqali oilalarni ish bilan ta'minlashni maqsad qilganmiz.

“Saxovat” va “Ko'ganli” mahallalari esa tog'li hududga yaqin yaylov yerlarda joylashgani uchun bu erda “drayver” sifatida chorvachilik tanlangan. Hududda ushbu yo'nalishni rivojlantirib, sutni qayta ishlash bo'yicha kooperatsiya tashkil etish ko'zda tutilgan.  

Aslida, Qumqo'rg'on tumani sanoat, xizmat ko'rsatish sohalarini rivojlantirish bo'yicha ko'proq imkoniyatlarga ega. Logistika jihatidan ham qulayliklar mavjud — “Termiz-Toshkent” temir yo'li Surxondaryo viloyatining janubiy va shimoliy hududlariga aynan Qumqo'rg'on tumani markazidan ajraladi. “Termiz-Dushanbe” M-41 xalqaro ahamiyatidagi avtomagistral yo'li ham tuman markazidan o'tgan.

  Bugungi kunda tumandagi 4 ta sektor rahbarlari ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga intilmoqda. “Janubiy surxon” suv ombori hududida “eko turizmni” rivojlantirish ham e'tiborlaridan chetda qolgani yo'q. Shuningdek, tumanda tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 3,2 million dollarlik “Pillani qayta ishlash”, 18,7 milliard so'mlik zamonaviy tipdagi limonchilik, 47,2 milliard so'mlik evrostandart talablariga mos mahsulot yetishtirishga mo'ljallangan zamonaviy issiqxonani ishga tushirish kabi loyihalar yo'lga qo'yilishga taxt bo'lib turibdi.

Ushbu yirik loyihalarni amal oshirish orqali tuman “Temir daftar”idagi 100 nafar fuqaro, “Ayollar daftari”dagi 3 082 nafar xotin-qiz hamda “YOshlar daftari”dagi 6 428 nafar yigit-qizlarning aksariyati ish bilan ta'minlanadi. Bunga qo'shimcha tarzda, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning talabi asosida ayrimlariga tikuv mashinkalari, ba'zilariga turli ishlab chiqarish asbob-uskunalari, qolganlariga esa 20 tadan tovuq katagi ikki oyga yetadigan ozuqasi bilan birga yetkazib berilmoqda. Fuqarolarni ish bilan ta'minlashda faoliyatini qayta tiklagan hamda yangi ish boshlagan tadbirkorlarning hissasi katta bo'lyapti.

Maqsad — “yashil” toifaga kirish

Ana shunday islohotlar epkini Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida ham shiddat bilan kechmoqda. 2019-yil yakuniy reyting natijalariga ko'ra, “qizil” toifaga kiritilgan tumanda darhol hududni rivojlantirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish boshlab yuborildi. Tumanning 2020-yil oxiriga borib, “sariq” hudud toifasiga o'tkazilishi bu boradagi ishlarning faqat qog'ozda emas, balki amalda bajarilganini tasdiqlaydi.

— Bunday natijaga, avvalo, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali erishdik, desam adashmagan bo'laman, — deydi Muzrabot tuman hokimining birinchi o'rinbosari Abdug'ani Ochildiyev. — Jumladan, tumanda 2020-yilda 376 ta yangi tadbirkorlik subyektlari ochilib, 25,7 milliard so'mlik qo'shimcha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ushbu tadbirkorlik subyektlari hisobiga 748 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. “Nol” hisobot topshirgan 157 ta tadbirkorlik subyektlari ishi qayta yo'lga qo'yilib, vaqtincha ishlamay qolgan 33 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyati qayta tiklandi. 177 ta tadbirkorlik sub'ektlariga 33,4 milliard so'mlik kredit mablag'lari ajratilib, buning natijasida sanoatda ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirgan korxonalarning barchasini to'liq quvvatlarda ishlashi uchun imkoniyatlar yaratildi. Qiymati 103.2 milliard so'mlik 44 ta loyihalar ishga tushirildi. Natijada Muzrabot tumanida 2019 yil yakunlarida jami tadbirkorlik sub'ektlari 902 tani tashkil etgan bo'lsa, 2020-yilda ushbu ko'rsatgich 1 257 ta, joriy yil 1-aprel holati bilan esa 1 335 taga yetdi. O'tgan vaqt davomida tumanda jami 1 517 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta'minlandi.

CHindam ham erishilgan natijalar sezilarli darajada bo'ldi. Birgina misol, hududda o'tgan yili tadbirkorlik ko'rsatkichi 65,9 foizni ko'rsatgan bo'lsa, joriy yilda bu raqamlar 95 foizga yetdi. Ayni paytda hududda 230 ta sanoat korxonalari faoliyat yurityapti. Tumanning “Shaffof” MFY hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida qiymati 3 milliard 154 million so'mlik 3 ta loyiha ishga tushirilgan. 2021-yilda 1 milliard 927 million so'mlik yana 3 ta loyihani amalga oshrish ko'zda tutilgan. Buning natijasida qo'shimcha 20 dan ortiq ish o'rinlari yaratilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi sezilarli darajada oshishiga erishiladi.

Tuman geografik joylashuvi jihatidan qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qulay hisoblanadi. “Muzrabot esse” MCHJ ana shu imkoniyatdan foydalanib, katta loyihani ishga tushirgan korxonalardan biri. Bu erda qiymati 1 milliard so'mlik “Pishgan g'isht mahsulotlari” ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan. Korxona yiliga 4 million dona pishgan g'isht mahsulotlarini bozorga chiqarish quvvatiga ega bo'lib, bu orqali 30 ga yaqin ish o'rni yaratib, byudjetga qo'shimcha 400 million so'm mablag' tushirmoqda.

143 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladigan Muzrabot tumani avvalgi yillarga nisbatan rivojlanib bormoqda. Hududda band bo'lgan 54,1 ming nafar aholining aksariyat qismini tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etadi. So'nggi yillarda yangi korxonalar tashkil etilib, qo'shimcha ish o'rinlari yaratilishi hisobiga joriy yil 1 may holatiga ko'ra, “Temir daftar”ga kiritilgan 2 474 ta oilalardan 2 839 nafar a'zolarining bandligi ta'minlandi. Kam ta'minlangan oilalarga yordam sifatida parranda hamda asalari oilalari yetkazilib, ixcham issiqxonalar qurib berilyapti. Yoshlar, ayollar turli yo'nalishlardagi mehnat turlariga jalb qilinmoqda.

2020-yilda hududda sanoat maxsulotlari ishlab chiqarish hajmi 122,8 foiz, hududiy sanoat maxsulotlari ishlab chiqarish hajmi 231,1 foiz hamda boshqa tarmoqlarda ham ko'rsatkichlar bir necha barobarga oshgan bo'lsa, mutasaddilar bu yil undanda yuqori natijalarga erishib, “yashil” hududlar toifasiga kirishni maqsad qilgan.

— Joriy 2021-yil uchun umumiy qiymati 764 milliard 608 million so'mlik 17 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha dastur ishlab chiqilgan, — deydi Abdug'ani Ochildiyev. — Bunga tashabbuskorlarning o'z mablag'laridan tashqari, tijorat banklar kreditlari, xorijiy kredit va investitsiya mablag'lari jalb etiladi. Loyihalarning asosiy qismi sanoat korxonalari, qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish sohalari hissasiga to'g'ri kelib, ularni ishga tushirish orqali jami 1 170 dan ziyod yangi ish o'rinlari yaratish ko'zda tutilgan. Ushbu korxonalarning ish quvvati hisobiga qo'shimcha 350 milliard so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, byudjetga 3 milliard 251 million so'm mablag' tushurilishiga zamin yaratiladi.

Tumanga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo'yicha 3 yillik dastur ham ishlab chiqilgan. Rejaga ko'ra, joriy yilda 13,5 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o'zlashtiriladi.

Bundan buyon muzrabotlik tadbirkorlarni faol qo'llab-quvvatlash davom etishi aytilmoqda. Xususan, “Surxon ksp-grand” MCHJ qo'shma korxonasi tomonidan “Maydalangan qamish xom ashyosidan KSP (DSP) plitalari ishlab chiqarish”, “Surxon Agro Majmuasi” MCHJ tomonidan qiymati 92,1 milliard so'mlik “Chorvachilik kompleksi”ni tashkil etish, “Alpomish Servis Invest” xususiy korxonasi tomonidan qiymati 31,9 milliard so'mlik “Bir martalik shprits va bint ishlab chiqarish” va boshqa loyihalarni ishga tushirish bo'yicha ishlar boshlab yuborilgan. Buning natijasida minglab ish o'rinlari yaratish hamda tumanda eksport hajmini 14 million dollarga oshirish kutilmoqda.

Shu kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda Muzrabot tumanining “Alpomish” mahallasida qurilishi rejalashtirilgan “Yoshlar kichik sanoat zonasi” hamda qulay infratuzilmaga ega “Oriyat” va “Muzrabot darvoza” MFY hududida 9,5 gektar maydonda barpo etiladigan 2 ta yangi kichik sanoat zonalari muhim “drayver” vazifasini o'taydi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri