Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, Davlat byudjetining 2021-yil 9 oyi ijrosi, “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi va “Tadbirkorlik kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunlari dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 116 trln soʻmni tashkil etib, belgilangan 107 trillion soʻm prognoz 108,4 foizga yoki 9,0 trillion soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trillion soʻmga koʻp boʻlgan.
Senatorlar hisobot davrida byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Yagona gʻazna hisobvaragʻining ishonchli va barqaror ishlashi hamda inson omili aralashuvini qisqartirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirilishi lozimligiga eʼtibor qaratdi.
Moliya vazirligi byudjetdan mablagʻ oluvchi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish, byudjet mablagʻlarining natijadorligini taʼminlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etishi maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytlarda byudjet mablagʻlari xarajatlari, byudjet ochiqligini taʼminlash yuzasidan tegishli maʼlumotlarni joylashtirish zarurligi bildirildi.
Bundan tashqari, aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratish, jumladan, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” mablagʻlarni shakllanishi, samarali va maqsadli ishlatilishi boʻyicha rasmiy veb-sayt, xususan, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borilishini doimiy nazorat qilish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, majlisda “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq davlat byudjeti daromadlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25,6 foiz miqdorida belgilanayotgani haqida soʻz bordi.
Qonun bilan ijtimoiy soha xarajatlarining qariyb 45 foizi taʼlim sohasiga, xususan, maktabgacha taʼlim muassalariga 8,6 trillion soʻm, xalq taʼlimiga 30,8 trillion soʻm, oʻrta maxsus va oliy taʼlimga 7,5 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, 2022-yilda Davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga (markazlashgan investitsiya xarajatlari bilan birga) 24,0 trln soʻm mablagʻ yoki 2021-yil tasdiqlangan rejaga nisbatan 3,5 trillion soʻm yoki 17 foizga koʻp mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Xususiy mulkni himoya qilish bilan bogʻliq ayrim muammoli vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakiliga tadbirkorlarning manfaatlarini buzilishi holatlari boʻyicha ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini berish belgilanmoqda.
Davlat rahbari 2021-yil 20-avgust kuni respublikadagi tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda 20-avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlash tashabbusi bilan chiqqan edi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasida 20-avgust “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilanishi Yangi Oʻzbekistonning barpo etilishida tadbirkorlikning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ahamiyatini yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tadbirkorlikni ommalashtirish imkonini beradi.
Muhokamalar natijasi yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.