Ushbu Qonun kimlarga nisbatan qoʻllaniladi?
Qonunning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi. U prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi aʼzolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilanyapti. U oʻz vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil etadi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar tizimini joriy etadi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini oʻrganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi. Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam koʻrsatadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. DFX lavozimlarining davlat reyestri, shuningdek, unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Cheklovlar
Oʻzbekiston fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan eʼtiboran davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomiga ega boʻladi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yoʻqotadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha huquqlar, majburiyatlar va cheklovlar alohida qonunchilik bilan belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga qonunda belgilangan huquq va majburiyatlardan tashqari davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar ham oʻrnatilgan. Unga koʻra davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzaro yaqin qarindoshlikka yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan aynan bitta davlat oranida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashi, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga, oʻzi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega boʻlgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga, oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga, chet davlat fuqaroligini olishga, qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqei bilan bogʻliq holda foydalanishga, Oʻzbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk bundan mustasno, oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalari va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga haqli emas.
Shuningdek qonun bilan davlat fuqarolik xizmatida sovgʻalarga nisbatan munosabatda boʻlish shartlari qayd etilgan.
Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olishi taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovgʻalar, shuningdek, musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovgʻalar mustasno.
DFX fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin.
DFX tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, qonunda DFX belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi shart.
Gulnoza Qodirova,
Fargʻona viloyati
Quva tumani adliya boʻlimi boshligʻi.