Yigʻilishda madaniyat vaziri O.Nazarbekov, Fargʻona viloyati hokimi X.Bozarov, Namangan viloyati hokimi Sh.Abdurazzoqov, masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari Prezidentimiz tashabbusi bilan madaniyat sohasini rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, taʼlim tizimi, shuningdek, teatr va opera yoʻnalishlaridagi islohotlar samaralari toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.

Taʼkidlanganidek, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda madaniyat va sanʼat sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilib, uning rivojlanishi va yuqori bosqichga koʻtarilishi hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitish yoʻlida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprel Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilandi.

2021-yil 20-yanvardan kuchga kirgan «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida»gi qonun madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda muhim omil boʻlmoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi, davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Moddiy-madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxati tasdiqlandi, madaniyatimizni jahonga keng tanitish maqsadida maqom va baxshichilik sanʼati yoʻnalishida xalqaro musiqa anjumanlari, Xalqaro hunarmandlik festivali oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda soha rivojiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbek milliy maqom sanʼati va Baxshichilik sanʼati markazlari, Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi, “Bahor” davlat raqs ansambli, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari faoliyat koʻrsatmoqda.

Madaniyat va sanʼat sohasida yetuk kadrlar tayyorlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali, Respublika musiqa va sanʼat kolleji, Nukus opera va baxshichilik maktabi, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti tashkil etildi.

Shu bilan birga, vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash, tanqidiy tahlil va qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish tizimini takomillashtirish, qabul qilingan qonunlar, Oʻzbekiston Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlarini roʻyxatga olish, ularning tegishli masʼul shaxslar va xodimlarga yetkazilishini taʼminlash, ijrosini oʻrganish, nazorat qilish boʻyicha aniq tizim yoʻlga qoʻyilgan.

Qabul qilinayotgan hujjatlar va topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida nazorat qilish, erishilgan pirovard natijalar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sabablarini aniqlash, qolaversa, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratilmokda. Jumladan, joriy yilning iyun oyida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali vazirlikka 118 ta topshiriq kelib tushdi. Shundan 117 tasi oʻz vaqtida, bittasi muddatidan oʻtib bajarildi.

Bu jarayonda masʼuliyatni his qilmagan, berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarmagan, xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga ham qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

Masalan, shu kunga qadar sohaning 4 nafar xodimiga intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan. Yigʻilishda sohada yutuqlar bilan birga oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi, masʼul vazirlik va idoralar hamkorlikda bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi taʼkidlandi. Xususan, yoshlarni madaniyat va sanʼatga oshno etish, ularning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratish lozim.

Shuningdek, madaniyat markazlarida hududdagi yoshlarning qiziqishini hisobga olgan holda emas, balki musiqa oʻqituvchisi qaysi cholgʻu boʻyicha mutaxassis boʻlsa, shu yoʻnalishda toʻgaraklar tashkil etib kelingan. Shu bois, yigʻilishda aholi ehtiyojlari va yoshlarning qiziqishini inobatga olgan holda, toʻgaraklar faoliyatini qayta koʻrib chiqish va tashkil etish, madaniyat va sanʼat sohasiga xususiy investitsiyani keng jalb qilish choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda 500 dan ortiq madaniyat markazi, 50 ga yaqin istirohat bogʻi taʼmirtalab. Ushbu maskanlarni zamon talablari asosida takomillashtirish uchun davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida fikrlar bildirildi. Rayosat yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatining madaniyat sohasida 2021-2022-yillarda qabul qilingan qarorlari ijrosi holatini oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.