Qayd etish joiz, mazkur qonun loyihasi shu yil 27-aprelda parlament quyi palatasida deputatlar tomonidan moddama-modda koʻrib chiqilgandi. Unda qonun loyihasining 12-moddasidan tashqari barcha moddalariga ovoz berilib, maʼqullangan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida loyihaning 12-moddasi qoʻmita tomonidan, tegishli mutasaddi tashkilotlar, shuningdek olimlar ishtirokida qayta koʻrib chiqilib, barcha bildirilgan eʼtirozlar bartaraf etildi hamda berilgan takliflar inobatga olindi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasiga ham tegishli oʻzgartish kiritilmoqda. Mazkur modda orqali davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda. Binobarin, fuqarolarning tarbiya va taʼlim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda toʻsqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik bilan bogʻliq xatti-harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi qonun bilan belgilanmoqda.

Majlisda deputatlar qonun loyihasini uchinchi oʻqishda qabul qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.