Gap shundaki, Navoiy viloyati Uchquduq tumani Oltin tog' ko'chasida yashovchi fuqaro Navro'z Mizomov aka-ukalari bilan kelishib, yaqinda 60-yillik yubileyini nishonlaydigan otasi Nasriddin Mizomovga o'z ona yurti Xatirchi tumanidan uy sovg'a qilishni niyat qilib, shu tumandagi “Sog'lom avlod – 2020” MCHJ bilan 2021-yil 16-aprel kuni 259 million 350 ming so'mga 2 xonali xonadon sotib olish bo'yicha shartnoma tuzadi va 2022-yil noyabr oyida xonadonni qabul qilib olishga kelishadi.
Fuqaro shartnomada kelishilgan to'lov jadvali asosida MCHJga 73 millin 792 ming so'm mablag'ni ham to'lab beradi. Oradan bir yil o'tsa hamki qurilish ishlari boshlanavermaydi. Bundan bezovta bo'lgan fuqaro MCHJ rahbariyatiga bir necha bor murojaat qildi, lekin hech qanday natija bo'lmadi. Bu ham etmaganidek, MCHJ rahbari “Qaerga borsang bor, dardingni kimga aytsang ayt” qabilida gapiradi.
Shundan so'ng fuqaro O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Xatirchi tuman jamiyatiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi.
Shikoyatni o'rgangan jamiyat mas'ul xodimlari vaziyat bilan tanishdi. MCHJ mas'ullariga amaldagi qonunchilik talablari, iste'molchining huquqlari, xizmat ko'rsatuvchining majburiyatlari, shuningdek, shartnoma shartlari to'g'risida berilgan tushuntirishlar samarasiz bo'lgach, fuqaro Navro'z Mizomovning manfaatini ko'zlab Fuqarolik ishlari bo'yicha Xatirchi tuman sudiga da'vo arizasi kiritildi.
Da'vo arizasini ko'rib chiqqan sud mahkamasi fuqaro N.Mizomovga javobgar “Sog'lom avlod – 2020” MCHJdan 73 million 792 ming so'm mablag' va 3 million so'm ma'naviy zarar undirish bo'yicha qaror qabul qildi.