Qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama oʻrganib chiqilgandan soʻng, senatorlar hujjatni tamomila qayta koʻrib chiqish zarur degan xulosaga keldi.

Gap shundaki, qonunda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan yangi “gʻayriixtiyoriy davolash” toʻgʻrisidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagan hamda majburiy davolash tushunchasi bilan oʻrtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgan.

Shuningdek, psixoaktiv moddalar taʼsirida mastlik holatida maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun majburiy va gʻayriixtiyoriy tarzda davolash uchun alohida asoslar va mexanizmlarni ishlab chiqish lozim deb topildi.

Bundan tashqari, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda narkologiya muassasasiga yotqizish uchun sudga ariza berish tartibida ham kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, ariza bilan sudga murojaat qilinganda davlat bojining toʻlanishi yoki undan ozod qilinishi, umuman olganda davlat boji kim tomonidan toʻlanishiga aniqlik kiritilmagan.

Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining ahamiyati eʼtiborga olinib, senatorlar qonunni qayta koʻrib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisobladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.