Bu bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi. Hozirgi kunda vazirlik va idoralardan mazkur loyiha yuzasidan takliflar olinmoqda. Mazkur hujjat bilan, shuningdek:
— tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
— ayolni o'z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
— yaqin qarindoshi bo'lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati etkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
— shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha'ni va nomusini kamsituvchi ma'lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash kabi qator normalarni kiritish ko'zda tutilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan 2021 yilda "Gender-madad" elektron huquqiy maslahatchi platformasi ishlab chiqildi. Ushbu platformaga xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan turli mavzularga oid ma'lumotlar bazasi joylashtirildi. Mavzular quydagilardan iborat: Ayollar huquqiy himoyasi; Gender tenglik; Ayollarga imtiyozlar; Oilaviy munosabatlar; Oilaviy zo'ravonlik; Xalqaro tashkilotlar Gender tengligiga erishish strategiyasi. Bundan tashqari, platforma orqali gender masalalar bo'yicha huquqiy borada maslahatni onlayn chat orqali olish tizimi yo'lga qo'yildi.
"Xotin-qizlar huquqlari bo'yicha dolzarb ikki oy" doirasida tashkil etilgan sayyor qabullarda jami 1400 dan ziyod xotin-qizlarning muammolari eshitildi.
Bu haqida AOKAda Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari mutasaddilari ishtirokida o'tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.