Qayd etilganidek, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi ishi parlament faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator dasturiy maʼruzalari, farmonlari va qarorlari, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturi hamda Qonunchilik palatasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari asosida tashkil etildi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan yanada rivojlantirish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati takomillashtirildi. Xususan, palataga kiritilgan qonun loyihalarini koʻproq qoʻmitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilish amaliyoti joriy etildi. Ushbu amaliyot qonun loyihalarini tegishli ekspert va mutaxassislar ishtirokida har tomonlama koʻrib chiqqan holda maromiga yetkazishga hamda yalpi majlisdagi muhokamalar chogʻida deputatlarning bahs-munozaralarining kamayishiga sharoit yaratadi.
Hisobot davrida davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega, xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga yengilliklar yaratishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan, butun bir sohani tartibga soluvchi hajman yirik bir qator yaxlit qonunlar qabul qilindi. Masalan, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Qonunchilik palatasining parlament nazoratini amalga oshirishga qaratilgan faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Palata majlislarida Hukumat aʼzolari, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish boʻyicha tizimli ishlar olib borildi.
Xususan, Hukumat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan jami 8 marotaba axboroti (“parlament eshituvi”) eshitildi, 2 marotaba “hukumat soati” oʻtkazildi. Qonunchilik palatasining qonunlar bilan belgilangan vakolatlari doirasida Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari boʻyicha vakil (bolalar ombudsmani), Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021-yilgi hisoboti hamda 5 ta siyosiy partiyaning 2021-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitildi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 1 ta parlament soʻrovi, 86 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Bosh vazir tomonidan hukumat aʼzoligiga taklif etilgan 4 nafar nomzod Qonunchilik palatasining majlislarida koʻrib chiqilib, maʼqullandi.
Shuningdek, deputatlarning oʻz saylovchilari bilan aloqalari kuchaydi, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlari yangicha mazmun-mohiyat bilan boyidi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirildi.
Quyi palataning xalqaro hamkorlik aloqalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda izchil davom ettirildi. Xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali va samarali hamkorlik koʻlamini yanada oshirishga eʼtibor kuchaytirildi.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasida 9 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi. Parlamentlararo amaliy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida deputatlar korpusining 12 nafar vakili uchun Belgiya, Qozogʻiston, BAA, Shveysariya kabi davlatlarga 5-marta chet el xizmat safari amalga oshirildi.
Parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Qonunchilik palatasining Tailand Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi tuzildi. Shu tariqa, hozirgi kunda Oliy Majlisda jami 53 ta xorijiy davlat parlamenti hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan parlamentlararo guruhlar faoliyat yurityapti.
Oʻtgan davrda Turkiya, Rossiya, Xitoy, Isroil, Yaponiya, Germaniya parlamentlari hamda Yevropa Ittifoqi bilan parlamentlararo guruhlarning jami 7 ta yigʻilishi oʻtkazilib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida ham muayyan ishlar qilindi. Jumladan, kelib tushgan jami 2 937 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqildi.
Qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir asoslantirilgan takliflar bayon etilgan 151 ta murojaat masʼul qoʻmitalar tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilib, ulardan 20 taga yaqini qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olindi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasida quyi palatada qaror topgan yangi amaliyotga muvofiq, 4 ta qoʻmita tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan murojaatlarda koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi boʻyicha davlat organlari rahbarlarining 4 marotaba hisoboti eshitildi.
Oʻtgan davr mobaynida Qonunchilik palatasining faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 5 757-marta yoritildi. Shu jumladan, televideniye orqali 861-marta, radio orqali 876-marta, bosma nashrlarda 819-marta, internetda 929-marta, palata rasmiy veb-saytida 881-marta, ijtimoiy tarmoqlarda 1 391-marta chiqish qilindi.
Yigʻilishda alohida qayd etilganidek, Qonunchilik palatasining joriy yilning birinchi choragidagi faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jihatdan yanada taraqqiy ettirish, rivojlangan demokratik davlat qurish hamda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining kafolatlarini taʼminlashga yoʻnaltirildi. Bu esa, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ularning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kengash aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil birinchi choragidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisida axborot har tomonlama koʻrib chiqilgach, maʼlumot uchun qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.