DXXning maʼlum qilishicha, u Toshkent shahrida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan fuqaroga tegishli 7 turdagi, jami 187 dona qadoq mineral oʻgʻit mahsulotlarini “Navoiy” chegara bojxona posti orqali oʻtkazib berish evaziga 20 mln soʻm talab qilgan.

Mazkur holat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi.

Inspektor soʻralgan pul mablagʻini poytaxtning Olmazor tumani hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.