Jumladan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida viloyat hokimi Q.Tursunov rahbarligida 25 noyabr` kuni sektor rahbarlarining aholi, xususan, yoshlar va xotin-qizlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Navoiy viloyati hamda Xatirchi tumani hokimliklari mas'ullari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari M.Mamatxonov va boshqalar ishtirokida o'tkazilgan uchrashuvda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga ko'maklashish hamda ijtimoiy yordam ko'rsatish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Ularning muammolari o'rganilib, tushuntirish va amaliy yordam berildi.
Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini aholi o'rtasida keng targ'ib qilish, davlatimiz tomonidan mehnat migrantlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Shu kuni Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mas'ul xodimlari xorijda ishlash istagida bo'lgan va mehnat migratsiyasidan vatanga qaytgan fuqarolarni qabul qilib, ularga Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirdi.
Qabulda fuqarolar bilan suhbat o'tkazilib, ularni qiziqtirgan savollariga mas'ullar tomonidan tegishli tavsiyalar va huquqiy tushuntirishlar berildi.