Unda Senat aʼzolari, tegishli idora va tashkilotlar masʼullari, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yuzasidan keng koʻlamda muhokamalar olib borildi.
Hozirgi vaqtda yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Koʻplab taʼlim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni davlatimiz barcha millatlar tili va madaniyati rivojlanishiga yetarlicha sharoit yaratgan.
“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Prezident farmoni bilan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bayram haqidagi norma yangi qonunda ham oʻz ifodasini topgan.
Shuningdek, Qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi muhokama qilindi.
Xususan, ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, unda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi vakolatlari belgilab berilgan.
Koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.