Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Narbayeva oʻz nutqida joriy yilda mamlakatimizda pandemiyaga qaramay, amalga oshirilgan ishlar hamda bu borada Senatning oʻrni toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

– Yakunlanayotgan yil sinovlarga boy boʻldi, – dedi parlament yuqori palatasi raisi T.Narbayeva. – Pandemiya qanchalik qiyinchiliklar va noqulayliklar tugʻdirmasin mamlakatimizda islohotlar izchillik bilan davom etmoqda. Shu jumladan,, Senat ham oʻz ishini susaytirayotgani yoʻq. Xususan, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlar hamda davlatimiz rahbarining yil boshida yangi saylangan parlament aʼzolari bilan uchrashuvlarda, Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib bir qator ishlar amalga oshirildi. Parlament uchun ustuvor boʻlgan qonunchilik yoʻnalishida yil boshidan beri 60 ga yaqin qonunlar koʻrib chiqildi.

Ahamiyatlisi, quyi palata tomonidan kiritilgan qonunlar shunchaki maʼqullanmasdan, ularning hududlar manfaatlariga qay darajada mosligi nuqtayi nazaridan tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqilmoqda. Senatga kelib tushgan qonun hududlardagi mahalliy Kengashlarda muhokama qilinmoqda, yetuk olimlar, ekspertlar, tajribali amaliyotchilar va jamoatchilik vakillarining fikrlari ham inobatga olinmoqda. Ayni shunday yondashuv asosida joriy yilda 6 ta qonunning rad etilgani ham avval ishimizda deyarli kuzatilmagan holat ekanligini alohida qayd etish lozim.

Qolaversa, yangi amaliyot yoʻlga qoʻyilib bugungi kunga qadar 30 ga yaqin qonunlar tizimli tahlil qilinib, qonun osti hujjatlari bilan oʻzaro nomuvofiqliklarni bartaraf etish, eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan normalarni yangilash boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.