2021-yil 15-dekabrda Toshkent shahrida 20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni hamda 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bagʻishlangan “Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitutsiya – mening nigohimda” tanlovlari gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻldi.
Onlayn tanlovlar Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“Bolalarga bering dunyoni” tanloviga oʻquvchi-yoshlar tomonidan joʻnatilgan 500 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq gʻolib va sovrindorlar aniqlandi.
Xususan, “Bola huquqlariga oid eng taʼsirli videorolik” yoʻnalishi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi toʻgaragi aʼzosi Beksultan Nzamatdinov birinchi oʻringa loyiq deb topildi.
Shuningdek, “Bola huquqlariga oid eng maʼnoli chizilgan rasm” yoʻnalishi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi toʻgaragi aʼzosi Gulasen Allanova birinchi oʻringa sazovor boʻldi.
Oʻz navbatida, “Konstitutsiya – mening nigohimda” onlayn tanloviga mamlakatimizning barcha hududlaridan oʻquvchi-yoshlar tomonidan joʻnatilgan 700 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq gʻolib va sovrindorlar aniqlandi.
Birinchi oʻrin Namangan viloyati, Davlatobod tumani, 58-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 7-sinf oʻquvchisi Saidkomil Komiljonovga nasib etdi.
Tanlov gʻoliblari sertifikat va qimmatli sovgʻalar, jumladan, planshet, telefon, smart-soatlar bilan taqdirlandi. Tanlovda faol ishtirok etgan oʻquvchi-yoshlar ham sertifikat va kitoblar toʻplami sohiblariga aylandilar.
Mazkur tanlovlar bolalarning oʻz huquq va erkinliklarini, Konstitutsiyani bilish darajalarini namoyon qildi. “Konstitutsiya – mening nigohimda” onlayn tanlovi yoshlarning Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor ekanini koʻrsatdi. Eng muhimi, bolalarimizning huquqiy bilimlarini oshirish va bu boradagi koʻnikmalarini rivojlantirish istagi kuchli ekani yaqqol namoyon boʻldi.
Tanlov ishtirokchilari va gʻoliblari tomonidan taʼkidlanganidek, har ikki tanlov yurtimiz yoshlarida katta taassurot qoldirdi va ularning oʻz huquqlari va Konstitutsiya toʻgʻrisidagi bilimlarini yaxshilashga xizmat qildi. Shuning uchun bunday tanlovlar kelgusida ham oʻtkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.