Bir uyum xazon yoqilsa, dimogʻni achitadigan tutuni ancha joygacha oʻrlaydi. Endi sanoat korxonalaridan chiqadigan zararli gaz va changlarni qancha uzoqlikgacha tarqashiyu, insoniyatga ziyonini tasavvur qilavering. Bir manbadan havoga chiqarilgan tashlanma baʼzida minglab kilometr naridagi hududgacha yetib borishi mumkinligi tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. Sanoat korxonalaridan chiqayotgan mana shunday zarar uchun “qopqon” sanaluvchi uskunalar bugungi kun zarurati.
Atmosfera havosining ifloslanishi inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Vulqonlar otilishi, chang boʻronlari, nurash jarayonlari, organik moddalarning chirishi atmosferani ifloslantiruvchi tabiiy manba hisoblansa, sanoat va issiqlik energetikasi korxonalari, transport, uylarni isitish tizimlari, qishloq xoʻjaligi sohasi hamda maishiy chiqindilar ekologik zarar keltiruvchi antropogen manba sanaladi. Mana shu ikkinchi qism zararini kamaytirish, sohada monitoringni tashkil qilib, havo sifatini baholash, samarali choralarni rejalashtirish har jihatdan muhim. Bunday tadbirlar ekologik muvozanatni barqarorlashtirishga koʻmak beradi.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida masʼullar zimmasiga atrof-muhitga taʼsir xavfi yuqori darajadagi obyektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish tizimini tatbiq etish vazifasi ham qoʻyilgan.
Joriy yilda atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirib, prognoz qilish, davlat ekologik nazoratini doimiy axborot bilan taʼminlash, ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof-muhitga taʼsiri ustidan monitoringni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar boshlab yuborilgan.
– Sanoat korxonalari inson hayoti uchun eng xavfli boʻlgan azot oksidi, ammiak, oltingugurt, chang kabilarni atmosferaga tashlaydi, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Aziz Kulimbetov. – Bu kabi zararning oldini olish uchun esa, sanoat korxonalariga maxsus uskunalar oʻrnatilib, zararli moddalarning havoga tarqalishini kamaytirish choralari koʻrilmoqda. Respublikamizda mavjud 1 ming 300 dan ziyod yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yiliga oʻrtacha 6,3 million tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilib, ulardan 86 foizdan ortiq qismi chang-gaz tozalash uskunalari yordamida ushlab qolinmoqda.
2021-yilda 131 ta korxonada 230 ta chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilinib, 22 ta korxonada 60 ta yangi uskunalar oʻrnatilgan. Joriy yilda esa, birinchi navbatda, atrof-muhitga taʼsiri yuqori va oʻrta (I-II toifa) boʻlgan 345 ta yirik sanoat korxonasining 1,5 mingga yaqin chang-gaz tozalash uskunalarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Elak vazifasini bajaruvchi uskunalar amaldagi ishlab chiqarish quvvatlari uchun 95 foizdan kam boʻlmagan, yangi ishga tushirilgan korxonalar boʻyicha esa 99,5 foizgacha tozalash darajasini taʼminlab beradi. Kimyo sanoati, metallurgiya, metalga ishlov berish, togʻ-kon, mashinasozlik, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida qoʻllaniladigan impulsli regeniratsiyali “yengli filtrlar” qoʻllanish jihatdan eng ommabop, samarali va klassik matoli filtr hisoblanadi.
Qopli chang yigʻuvchilar esa koʻp funksiyali uskuna boʻlib, past qarshilik bilan changni toʻliq tozalash imkonini beradi. Gazni qayta ishlash zavodlarida oltingugurt koʻp yoʻqotilishining oldini olish maqsadida ishlatiladigan uskuna molekulyar elaklari yordamida havo musaffoligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Tarmoq korxonalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbaalardan namunalar olish, tahlil qilish, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar avtomatik kuzatish postlari bilan bosqichma-bosqich jihozlashning afzalliklari koʻp. Soʻnggi yillarda ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga korxonalarda zararli moddalar tashlanmalarini 2019-yilga nisbatan 16 foizga kamaytirishga erishildi. Shu bilan birga, korxonalar ehtiyoji uchun ishlatiladigan suvning yillik sarfi 513,9 ming tonnaga qisqartirildi.
– Tizim shaffofligi va ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi oʻrnatilgan boʻlib, ifloslanish darajasini aniqlash va holatini baholash, salbiy jarayonlarning oqibatlarini tahlil qilib, muntazam kuzatish imkonini beradi, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Ulugʻbek Sobirov. — Bugungi kunda qoʻmita tizimida atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi va uning 14 ta hududiy boʻlimida maxsus laboratoriyalar mavjud. Ular tomonidan atmosfera havosi har oyda bir marotaba, oqava, yer usti suvlari har chorakda bir marta, tuproq ifloslanishi esa yarim yilda bir marotaba monitoring qilib boriladi. Olingan xulosalarga qarab, tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. 2018–2021-yillarda atrof tabiiy muhit monitoringi oʻtkazilgan obyektlar soni 342 tadan 625 taga ortdi.
Hozirgi kunda qoʻmitada atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasi yaratilgan. U sanoat korxonalarining salbiy taʼsirini prognozlashtirish va bartaraf etishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish va salbiy oqibatlarga qarshi oʻz vaqtida choralar koʻrish imkonini beradi. Asosiysi, inson omilisiz raqamli ekologik nazorat tizimi yaratiladi.
Raqamli ekologik nazorat olib borilishi natijasida atrof muhitga taʼsir qilish xavfi yuqori boʻlgan korxonalar haqidagi maʼlumotlar ishonchli ravishda yuritilib, masʼullar zimmasiga aniq vazifalar yuklanadi.
Sanoat korxonalarining atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish maqsadida yosh olimlar tomonidan innovatsion loyihalar yaratilmoqda. Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Oybek Bektoshev Sanoat korxonalarining yuqori va oʻrta bosimli ventilyatorlaridan tashqariga uzatilayotgan havo oqimidan elektr energiya olish innovatsion qurilmasini yaratdi.
— Muqobil energiyadan foydalanish va ularning ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida yaratilgan qurilma yordamida atrof muhitga korxona tomonidan chiqarilayotgan havodagi chang zarralari ushlab qolinadi, — deydi Oybek Bektoshev. — Ushbu qurilmani yaratish va ishga tushirish koʻp harajat talab qilmaydi. Eng muhimi, korxona yoritish tizimi uchun uzluksiz, sifatli va arzon elektr energiya olish imoniyati mavjud. Yaʼni, oʻz obyektidan chiqayotgan chang orqali korxona oʻzini oʻzi elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.
Mazkur loyiha joriy yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi. Yuqori va oʻrta bosim bilan ishlaydigan havo ventilyatorlari sexlardagi ifloslangan havo oqimini atrof-muhitga tarqatadi. Bu katta ziyon degani.
Taklif qilinayotgan innovatsion qurilma havo ventilyatorlaridan atrof-muhitga quvurlar yoki havo oqimi orqali shamol gʻildiragi parraklari aylantiriladi va havo oqimidagi chang zarralari tutib qolinadi. Shamol gʻildiragining aylanma harakati orqali oʻzgarmas tok generatori ishlay boshlaydi. Buning natijasida hosil boʻlayotgan kuchlanish akkumulyatorni zaryadlab, korxona binosi, yoʻlaklarini va tashqi maydonlarini yorituvchi chiroqlarni elektr energiya bilan taʼminlab beradi. Ham ventilyatorlardan tashqariga uzatilayotgan havo tozalanib, atrof-muhit himoyalanadi, ham energiya tejamkorlikka erishib, qoʻshimcha energiya olish imkoni paydo boʻladi.
Ekologik ahvolni sogʻlomlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa omillarga bogʻliq. Yangicha yondashuvlarga asoslanib, tabiatni muhofaza qilishning ham ahamiyati katta. Bu orqali atrof-muhitni muhofaza qilish barobarida iqtisodiy foyda olishga ham erishiladi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri