Safar davomida oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish maqsadida vazir o‘rinbosari Qo‘qon davlat pedagogika institutida bo‘lib, dastlab, muassasa qoshida tashkil etilgan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish syexini ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bir kunda 1500 dona qolipli non ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu syex 6 nafar talabani ish bilan ta’minlabgina qolmay, sifatli va arzon nonlarni iste’molchilarga yetkazib bermoqda.
Syexda ishlab chiqarilgan qolipli non vazni 400 gr.ni tashkil etib, narxi esa talabalar uchun 2000 so‘m belgilangan. Mahsulotlarning sifati va bu yerda yaratilgan sharoitlar ijobiy deya e’tirof etildi.
Shundan so‘ng, joriy o‘quv yilida foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy IT-park binosi ham vazir o‘rinbosarining diqqat markazida bo‘ldi. IT-park ochilish marosimida ishtirok etgan vazir o‘rinbosari bu yerda talabalar uchun yaratilgan barcha qulayliklar, istiqbolli Start-up loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarning tashkil etilishi holati bilan qiziqdi.
Konferensiyalar zali, o‘quv xonasi, ovoz yozish studiyasi hamda kichik oshxonani o‘z ichiga olgan park bir vaqtning o‘zida 50 nafar talabaga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Aytish mumkinki, bu yerda axborot texnologiyalari yo‘nalishida ilk loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kutilmoqda.
Keyingi manzil Milliy hunarmandchilik va amaliy san’at fakulteti qoshidagi kulolchilik, mebel ishlab chiqarish va tikuv syexlari bo‘ldi. Ushbu syexlarda fan-ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integrasiya jarayonlari ham vazir o‘rinbosarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirish barobarida Sarvarxon Buzrukxonov tomonidan istiqboldagi rejalarni amalga oshirish borasida mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.