Sud qaroriga koʻra, institutning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha 1-prorektori O.B.ga nisbatan MJtKning 461-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan BHMning 15 baravari miqdorida yaʼni, 4.500.000 (toʻrt million besh yuz ming) soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Institut TTJ va Ijara bilan ishlash boʻlimi boshligʻi M.R., institutning taʼlim texnologiyalari markazi xodimi M.A. va O.B.larga BHMning 10 baravari miqdorida yaʼni, 3.000.000 (uch million) soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Sudda maʼlum boʻlishicha, 2023-yil 1-aprel kuni institut yotoqxonasining 432-xonasiga kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan, bu haqda qizlar ogohlantirilmagan hamda S.J va V.Z.larning shaxsiy siri, shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻilgan.
Sobiq prorektorning soʻzlariga koʻra, u yotoqxonaga kuzatuv kamerasi oʻrnatilganidan ham, videotasvirga yozib olinganidan ham xabari boʻlmagan, buni kech eshitgan.
Kommendant M.R. haqiqatda 432-xonada “Wi Fi” simlarida taʼmirlash ishlarini olib boramiz deb, yashirin kuzatuv kamerasi oʻrnatishganini, lekin u yerda yashovchi qizlarga kuzatuv kamerasi ekanini aytishmaganini, kamera ishlab turgan holatda qizlar 2 kun davomida yashab kelishganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu topshiriqni ularga institutning Yoshlar bilan ishlash va maʼnaviyat maʼrifat boʻlimi boshligʻi B.O. bergan.
Jabrlanuvchi qizlarning aytishicha, ularga yashirin kamera oʻrnatilayotgani aytilmagan. Qizlar xonada nima boʻlayotganini tushunmasliklari uchun atayin chalgʻitib, xonadan olib chiqilgan. Soʻng xonaga kirishlariga ham qarshilik koʻrsatilgan. Bu ularda shubha uygʻotgan. Keyinroq qizlardan biri ukasiga qoʻngʻiroq qilib voqeani aytgan. Qizlar shubhasi oʻrinli chiqqan. Ular qurilmaning qopqogʻini qotiradigan toʻrtta “samorez”idan bittasi oʻrniga kuzatuv kamerasi obyektivi joylashtirilganini bilganini, soʻng qurilmani ochib koʻrganida, qurilmani ichida qoʻlbola usulda yasalgan kamera boʻlganini, soʻng kamera ichida joylashgan chipini kompyuterga solib koʻrishganida 2 kunlik vaqtni videotasvirga olganini koʻrishgan. Ularga xonaga yashirin ravishda kuzatuv kamerasi oʻrnatish boʻyicha ularni institut maʼmuriyati yoki va boshqa biror shaxs ogohlantirmagan.