Shu munosabat bilan ko‘hna kentning Ozodlik xiyoboni hududidagi Istiqlol ko‘chasida viloyatda birinchi «Istiqlol turizm ko‘chasi»ning tantanali ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlash joizki, 2022- yil Farg‘ona viloyatining qator shahar-tumanlarida tashkil etilgan turizm qishloqlari va ko‘chalarida sayyohlar uchun milliylikka uyg‘un ravishda jahon andozalari darajasidagi shart-sharoitlar yaratilib, turistik marshrutlar soni kengaytirildi.
Viloyat hokimligining maʼlum qilishicha, o‘tgan yil umumiy qiymati 88,3 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi natijasida 29 ta loyiha ro‘yobga chiqarildi.
Xususan, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida viloyatga yurtimizning turli hududlaridan 1 million 482 ming 100 nafar sayyoh keldi. Xorijlik sayyohlar soni esa 256 mingdan oshdi. Ularga 76 ta turoperator tomonidan xizmat ko‘rsatildi. Yil davomida turizm eksporti xajmi 46,5 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Maʼlumki, joriy yil Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Belgilangan rejaga ko‘ra, ushbu ikki hududda turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi bir necha obyektlarni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Qo‘qon shahrida faoliyat boshlagan «Istiqbol turizm ko‘chasi» bu boradagi ezgu maqsadlarning debochasi deyish mumkin.